Lukashenko 31 ukrainalikni afv etdi
Olam
−
22 noyabr 1906 2 daqiqa
Belaruslik Aleksandr Lukashenko 31 nafar Ukraina fuqarosini afv etdi. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni siyosatchining matbuot kotibi Natalya Eysmont xabar berdi.
Uning aytishicha, qaror AQSH Prezidenti Donald Tramp va Lukashenko o‘rtasidagi kelishuvlar doirasida, shuningdek, “Ukraina tomonining iltimosi asosida – Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida kelishuvga erishish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida” qabul qilingan.
“Hozir, aynan shu daqiqalarda, ular Ukraina tomoniga topshirilmoqda”, dedi Eysmont BelTA agentligiga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko “mintaqada vaziyatni barqarorlashtirish”, “barcha davlatlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish” va “barcha bahsli masalalarni faqat tinch yo‘l bilan hal etish” tarafdori hisoblanadi.
“Turli davlatlar, avvalo, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muzokaralar hozir faol fazada”, deya qo‘shimcha qildi u.
20 noyabr kuni ikki katolik ruhoniy – Genrix Okolotovich va Andjey Yuxnevich qamoqdan afv etilib ozod qilingani ma’lum bo‘lgan edi.
Belarus katolik yepiskoplari konferensiyasi xabariga ko‘ra, ularning ozod etilishi oktyabr oyida Belarusga Rim papasi Lev XIV’ning yuqori vakili, kardinal Klaudio Gudjerotti tashrifi va unda erishilgan kelishuvlar natijasi bo‘lgan.
Okolotovich Volojin shahrida xizmat qilgan, u “Polsha va Vatikan foydasiga josuslik qilish” hamda harbiy xarakterdagi maxfiy ma’lumotlarni yetkazishda ayblangan. U ayblovlarni inkor etgan va “jinoyat ishida haqiqatga mos keladigan biror fakt yo‘q, ayblov soxta, tahdid va shantajga qurilgan”, degan. Okolotovich 2024 yil dekabrida 11 yil ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Ikkinchi afv etilgan ruhoniy Yuxnevich avval Shumilainoda xizmat qilgan. Dastlab uni “davlatga zarar yetkazuvchi diversiya faoliyati”da gumon qilishgan, ammo keyinchalik voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy munosabatda bo‘lganlikda ayblanib, yopiq sudda 13 yilga hukm qilingan. U ham aybini tan olmagan.
Belarus huquq himoyachilari har ikki afv etilgan katolik ruhoniyni siyosiy mahbus deb e’lon qilgan edi.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr