Los-Anjelesdagi o‘rmon yong‘ini sabab 30 mingdan ortiq aholi uyini tark etdi (foto)

Olam

image

AQSHning Los-Anjeles shahrining g‘arbidagi o‘rmon yong‘inlari sabab Pasifik Paliseyds hududidan janubda Tinch okeani shossesigacha minglab odamlar o‘z uylarini tark etdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Qayd etilishicha, yong‘in joriy yilning 7 yanvar kuni ertalab Pasifik Paliseyds hududida boshlanib, kuchli shamollar va qurg‘oqchilik tufayli tezda 486 gektarga tarqalgan va shu sababli Los-Anjelesda favqulodda holat e’lon qilingan. Yong‘in oqibatida 30 mingdan ortiq mahalliy aholi uyini tark etishga chaqirilgan.

Los-Anjelesdagi yong‘in xizmati rahbari Kristin Kroulining ma’lum qilishicha, yong‘in 10,3 mingdan ortiq oila va 13,2 mingdan ortiq binolarga xavf solmoqda. Los-Anjeles yong‘in xizmati vakili Erik Skott har qanday holatda ham aholini evakuatsiya qilishga tayyor bo‘lishga chaqirgan.

“PowerOutage US” korxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Los-Anjeles okrugida 17 mingga yaqin odam elektr energiyasiz qolgan. Shuningdek, Los-Anjelesda bir necha oydan beri yomg‘ir yog‘magan. Meteorologik xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyuldan buyon shaharda faqat 4 mm yomg‘ir yog‘gan. Bugun, 8 yanvar kuni shamol tezligi 50-80 milya/soatga (80-130 km/soat) yetgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari avj olgani sabab hukumat Yevropadan yordam so‘ragandi. 16 sentyabrning o‘zida Portugaliyaning markaziy va shimoliy hududlarida kamida 15 ta yong‘in sodir bo‘lgan, jumladan, Albergariya-a-Velya shahri chekkasidagi uylar butunlay kuyib, kul bo‘lgan. Shu sababdan hukumat Yevropa Komissiyasidan  RescEU deb nomlanuvchi Yevropa Ittifoqi fuqarolik himoyasi mexanizmi doirasida ko‘proq samolyotlar so‘ragandi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Los-Anjeles

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing