London va Parij o‘rtasida ziddiyat: Jonson Fransiya chegarasiga harbiy kemalar yubordi
Olam
−
06 may 2021
12452Fransiya hukumati kecha, 5 may kuni Jersi orolini elektr energiyasiz qoldirish bilan tahdid qildi. Mamlakat Dengiz vaziri Annik Jirarden orolni elektr energiyasi bilan ta’minlovachi suv ostidan o‘tgan kabel Fransiyadan borganini eslab o‘tib, u uzib qo‘yilishi mumkinligini aytgan.
Bunga javoban Buyuk Britaniya La-Mansh bo‘g‘ozida joylashgan ushbu orolga ikkita harbiy kema yuborishini ma’lum qildi. Bu haqda Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson va Jersi orolining Bosh vaziri Jon Le Fondre hamda Tashqi ishlar vaziri Yan Gorst o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng e’lon qilindi.
Muzokaralar chog‘ida Boris Jonson Jersi va Fransiya o‘rtasidagi “keskinlikni yumshatish zarurligini“ ta’kidlab, orolga “cheksiz yordam” ko‘rsatishga va’da bergan.
“U har qanday blokadani butunlay asossiz bo‘lishini aytdi”, deyiladi muzokara natijalari bo‘yicha berilgan bayonotda.
BBC xabariga ko‘ra, “HMS Severn” va “HMS Tamar” kemalari orolga jo‘natiladi, Dauning-stritda (Buyuk Britaniya hukumati binosi) buni “ehtiyot chorasi“ deb baholashdi.
Jersi – Normand orollari orasida eng kattasi. U Fransiyaning shimoliy qirg‘og‘idan 23 km, Buyuk Britaniyaning janubiy qirg‘og‘idan esa 140 km uzoqlikda joylashgan. Jersi oroli ko‘p yillar Britaniya nazoratida bo‘lgan, ammo hozir ular "toj" nazoratidan voz kechgan.
Ziddiyat Jersi ma’muriyati tomonidan mintaqada baliq ovlash bo‘yicha yangi qoidalar o‘rnatilgandan so‘ng boshlangan. Yangi qoidalarga qarshi chiqqan Fransiya orolni elektr energiyasidan uzib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Parijdan yangragan so‘zlarga ko‘ra, o‘rnatilgan yangi tartib fransiyaliklarning orol qirg‘og‘ida baliq ovlashini cheklamoqda va bu Brexit shartnomalarining buzilishidir.
Bundan avvalroq Jersi hukumati Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining savdo hamda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimiga muvofiq yangi qoidalarni joriy qilgandi. Ularga ko‘ra, fransuz kemalari orol bo‘yida baliq ovlash uchun litsenziyaga ega bo‘lishi kerak. Litsenziyani esa Jersi ma’muriyati beradi. Buning uchun fransuz kemalari avvaldan ushbu hududda baliq ovlash bilan shug‘ullanganini isbotlashi zarur.
Yangi qoida o‘rnatilganidan so‘ng, atigi 41 fransuz kemasi Jersi ma’muriyatidan ushbu orol qirg‘oqlari bo‘ylab baliq ovlashga ruxsatnoma olgan.
Ma’lumot o‘rnida, Jersi oroli elektr energiyaning 95 foizini Fransiyadan oladi.