Lola Karimova g‘oyasi bilan yaratilgan kitob 4 yil deganda chop etildi

Jamiyat

image

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi noshirlik faoliyatining navbatdagi namunasini taqdim etdi. Kitob O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillyayevaning g‘oyasi bilan yaratilgan bo‘lib, uni tayyorlashga 4 yil vaqt sarflangan. 

O‘zbekistonning boy madaniyati va ko‘hna yodgorliklari, amaliy va tasviriy san’ati haqida hikoya qiluvchi interaktiv kitob yaratish g‘oyasi Lola Karimovada bundan 4 yil avval paydo bo‘lgan edi. 

“Bu – turli davlatlarda yashovchi yoshu qari, turli kasb-kor vakillarida qiziqish uyg‘ota oluvchi kitob deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazmun-mohiyati va noshirlik san’ati jihatidan o‘xshashi yo‘q bu kitob tarixchi, rassom, dizayner, tarjimon va muharrir kabi ko‘p sonli ijodkorlarning to‘rt yillik mehnati mahsuli sanaladi. Ushbu kitob Karimov Fondi noshirlik faoliyatining durdonalaridan biri bo‘ldi”, deydi Karimova xonim. 

“Uzbekistan. An experience of cultural treasures to colour” (“O‘zbekiston. Madaniyat durdonalarini bo‘yash orqali o‘rganish”) nomli noyob kitob Karimov Fondi tomonidan Yevropaning “Nouveau Monde Editions” (Fransiya) va “Pen and Sword Books” (Buyuk Britaniya) nashriyot uylari bilan hamkorlikda chop etilgan.

Kitob ingliz va fransuz tillarida chop etilib, Amazon va boshqa internet saytlarda sotuvga chiqqan. Mazkur nashrni AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Shveysariya kabi davlatlar, shuningdek, Yaqin Sharq va Osiyo mintaqasida joylashgan bir qator mamlakatlardagi kitob do‘konlaridan xarid qilish mumkin. 

 

“Kitobni chop etishdan ko‘zlangan maqsad o‘yin shaklidagi bo‘yash mashg‘ulotlari orqali zamondoshlarimizni o‘zbek xalqining boy madaniy merosi – muhtasham tarixiy yodgorliklar, devoriy naqshu nigorlar va koshinlarning betakror go‘zalligi, murakkab handasaviy shakllar, shuningdek, gilamdo‘zlik, kashtado‘zlik hamda kulolchilik san’atining nafis namunalari, o‘tmish va bugungi kun rassomlarining ijodiy ishlari bilan tanishtirishdan iboratdir”, deydi Lola Karimova. 

Kitobning har bir qo‘shsahifasi chap tarafida madaniy ob’ektning surati va uning tarixiy ahamiyati xususida qisqa ma’lumot beriladi, o‘ng tarafdagi chizmani bo‘yash orqali esa o‘quvchi o‘sha asarning timsolini jonlantirish imkoniga ega bo‘ladi. 

Lola Karimova mazkur kitobni izohlar ekan, O‘zbekistonning boy madaniy tarixiga ham to‘xtaldi:

“Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston zamini savdo karvonlari orqali kelgan ko‘plab millatu elatlarning madaniy qadriyatlari va an’analari ila oziqlangan. Shu tariqa ushbu zaminda haligacha insoniyatni hayratga solib kelayotgan noyob madaniyat, boy tarixiy meros shakllangan.

Kitobni sovg‘a tarzida qabul qilgan ko‘plab do‘stlarim va tanishlarimdan kitob haqida ijobiy fikrlar eshitdim. Mazkur kitob O‘zbekistonda tug‘ilib, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz uchun ham, Vatanimiz tarixi va madaniyatiga qiziqadigan chet elliklar uchun ham ajoyib sovg‘a bo‘ladi degan umiddamiz”. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Lola Karimova

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing