Lola Karimova qizining qilmishini Islom Karimov nomi bilan bog‘lamaslikni so‘rab chiqdi
Jamiyat
−
06 avgust 2021
86417Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayevaning turmush o‘rtog‘i Amiran Sardarov bilan tushgan ochiq surati katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bahslarda fikr bildirayotganlar ushbu suratni Birinchi Prezident Islom Karimovning faoliyati, ma’naviyat haqidagi chiqishlari bilan bog‘lamoqda. Mazkur surat va holatning marhum Prezident Karimov bilan bog‘lanishiga uning qizi Lola Karimova-Tillyayeva munosabat bildirdi.
“Men sizlardan tinchlanib, hech qachon uchratmagan, bilmagan, sizga begona bo‘lgan insonlarning hayotini yuragingizga bunchalik yaqin olmasligingizni so‘rayman. To‘g‘ri, sizlar otam Birinchi Prezident Islom Karimovni xotirlab, uni hurmat qilasizlar va otam bunday xotira va hurmatga loyiq insonlar. Ular butun umrlarini xalqlariga bag‘ishlagan edilar. Birinchi Prezidentning farzandlari, nabiralari va boshqa qarindoshlari uning xalq oldidagi xizmatlariga mutlaqo aloqalari yo‘qdir va Birinchi Prezidentning ham ularning hayotiga aloqasi yo‘q. Ular hayotdan ko‘z yumganlariga besh yil bo‘ldi. Islom Karimov bu juda katta nom va uning avlodlari o‘zining yaxshi va yomon hislatlariga ega bo‘lgan shunchaki oddiy insonlar va har biri o‘z hayoti bilan yashaydi. Ularning hayotlari faqat ularning o‘zlarigagina tegishlidir – ular yaxshi ish qiladilarmi yoki yomon ish qiladilarmi, sharmanda bo‘ladilarmi yoki o‘zlarini munosib ravishda tutadilarmi – bu faqat ularning ishlari va huquqlaridir va buning uchun faqat o‘zlarigina javob beradilar.
Men bu va u dunyoda har birimiz Alloh oldida qilgan amallarimiz uchun javob berishimizga ishonaman. Shuning uchun, keling, har bir inson qilgan ishlari uchun unga Yaratganning O‘zi hukm chiqarsin, ular qanday o‘zlarini tutishlaridan va kim bo‘lishlaridan qa’ti nazar.
Mening qizim Maryam 22 yoshda va u butun ongli hayotini chet elda o‘tkazgan va har bir inson kabi hayot to‘g‘risida uning o‘z tushunchalari bor – nima mumkin-u, nima mumkin emas, nima chiroyli-yu nima jirkanch. Har bir inson kabi u o‘z hayoti va amallari uchun o‘zi javob beradi va u qilgan ishlari faqat o‘zining hayotigagina ta’sir ko‘rsatadi.
Men onasi sifatida uni ma’qullashim yoki ma’qullamasligim mumkin – bu mening ishim, ammo u o‘zini qanday tutishi uchun butun ma’suliyat faqat o‘zining zimmasida yotadi. Bunga Prezident Karimovning aloqasi yo‘qdir. Karimov – o‘zining butun borlig‘ini o‘z ishiga bag‘ishlagan inson edi. U faqat o‘z xalqi haqidagi fikrlar bilan hayot kechirgan. U o‘z xalqining manfaatlarini o‘zining shaxsiy yoki oilasining manfaatlaridan ustun qo‘ygan inson edi. Va shu tufayli, bu inson uni uning o‘zi qilgan ishlari asosida xotirlab, hukm chiqarishlariga munosib. Uning farzandlari va nabiralari qilgan ishlarni bunga aloqasi yo‘qdir.
Agar qizim shunchalik jig‘ingizga tegayotgan bo‘lsa, unda unga qaramang. Siz o‘zingiz yoqtirgan amallar, sizga quvonch olib keladigan ishlar bilan shug‘ullaning. O‘zga insonning hayotidan jahlingiz chiqib, uni qoralash va g‘iybatlashishdan ko‘ra muhimroq narsa nahotki bo‘lmasa?”, deb yozadi Lola Tillyayeva.
Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublikasi jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.
LiveBarchasi