Karimovning nevaralari: opa-singil farzandlari o‘rtasidagi munosabat qanday?

Bu qiziq

image

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning faoliyati va shaxsiy hayotiga oid foto va videomateriallar berib boriladi. Fond kuni kecha Islom Karimovning nabiralari – (to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning o‘g‘li) Islom, Imon va (kenja qizi Lola Karimovaning qizi) Maryam bilan tushgan suratini omma e’tiboriga havola etdi. 

Ushbu surat 2003 yilda, Islom Karimov vafotidan 13 yil ilgari Toshkentda tushirilgan. Suratda mushuk bolasini quchib turgan (sobiq)  Prezident Karimov va uning uch nabirasini ko‘rish mumkin. 

Ushbu surat olingan kezlarda Islom Karimovning qizlari Gulnora va Lola Karimova hali omma qarshisiga chiqmagan, yirik loyihalarda ishtirok etmagan edi. Gulnora Karimovaning yirik loyihalari 2004 yildan boshlandi. Lola Karimova esa o‘zining “Sen yolg‘iz emassan” xayriya fondiga garchi 2002 yilda asos solgan bo‘lsa-da, 2005 yilgacha fondning faoliyati u qadar ko‘zga tashlanmagan. 

Lola Karimova 2013 yilda xalqaro ommaviy axborot vositalaridan biriga bergan intervyusida opasi Gulnora Karimova bilan 12 yildirki munosabatlari yaxshi emasligini aytgan. Bundan chiqdi, 2001 yildayoq ularning orasidan olamushuk o‘tgan. 

“Mavjud bo‘lmagan munosabatlarni tasvirlab berish qiyin. Men va opam bir-birimiz bilan 12 yildan ortiqki muloqot qilmaymiz. Buni hech qachon yashirmaganmiz, va bundan ko‘plar xabardor. Ko‘p yillardan beri hech qanday aloqamiz yo‘q. Oramizda na oilaviy, na do‘stona aloqalar bor. Savol so‘rashingizdan oldin aytmoqchimanki, oilaviy marosimlarda ham ko‘rishmaymiz”, degan edi Lola Karimova o‘z intervyusida. 

Biroq, Karimov fondi tomonidan e’lon qilingan suratda opa-singillar farzandlari o‘rtasidagi iliq munosabatni ko‘rish mumkin.

Keyinroq Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov ham 2016 yilda OAVga intervyu berib, onasi va xolasi o‘rtasidagi ziddiyatlarda marhum bobosini ayblagandi. 

“Oyim va singlisi orasida yoshliklarida normal munosabatlar bo‘lib kelgan. Yagona muammo shuki... Men bunda ko‘proq bobomni ayblayman. Chunki oyim matematika maktabini oltin medal bilan bitirgan. Bobomning izidan borgan. Oyim sport bilan shug‘ullangan, qora kamar olgan. O‘z karerasini qurishni boshlagan. U nima qilsa, xolam buni takrorlashni istagan. Lekin, nega? O‘ylaymanki, sababi – bobom butun umr xolamga gapirgan “Nega opangga o‘xsholmaysan? Nega mana buni qilolmaysan? Nega yaxshi o‘qimaysan? Nega “U” bo‘lolmaysan?”
 
Men o‘z qizlaringga bunday munosabat qilish noto‘g‘ri deb bilaman. Shuning uchun, bu uning aybi deb o‘ylayman. Lekin, fakt shuki, bu unga ta’sir qilgan. Xolam butun umr buni eshitgani uchun, unda kompleks paydo bo‘lgan. Mana hozir jamg‘arma tuzilibdi. Mamlakatda hamma biladiki, bizda jamg‘arma allaqachon bor edi. Jurnal ham bor edi, u ham jurnal chiqaryapti. Buni isbotlashga ham hojat yo‘q. Butun umr o‘zaro poyga bo‘lgan. Xolam ham nimalargadir qodir ekanini ko‘rsatishga intilgan. O‘ylashimcha, nafrat shunday paydo bo‘lgan, chunki xolam baribir oyim darajasiga chiqa olmagan. Bular keyin ko‘pirib jismoniy muammoga aylangan. Boshida bu faqat hissiyotlar darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu hayotimizda aks etyapti. Bu adovat tufayli oilalar barbod bo‘lyapti”, degan edi kichik Islom Karimov.

Yuqoridagi suratda aks etgan bolalar – Gulnora Karimovaning o‘g‘ldi Islom Karimov va qizi Imon Karimova ayni vaqtda Angliyaning London shahrida istiqomat qilmoqda. Gulnora Karimova esa jinoyatlari uchun qonun oldida javob bermoqda. 

Lola Karimova uch farzandi va turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayev bilan AQSHning Los-Anjeles shahrida istiqomat qilib kelmoqda. Shuningdek, u Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi. Yaqinda oilaning Los-Anjelesdagi 3 ta qimmatbaho villasi sotuvga qo‘yildi

Lola Karimova so‘nggi bor otasi Islom Karimovni xotirlash marosimlarida 2017 yil ishtirok etdi. 31 avgust kuni Oq uy qarorgohida o‘tgan marosimda Lola Karimova jiyani Imon Karimova bilan namoyon bo‘lgandi. Biroq, Imon Karimova xolasi bilan munosabatlari tiklanganini rad etgan. Qolaversa, Gulnora Karimovaning farzandlari xolasining farzandlari bilan ham bordi-keldi yo‘qligini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvar oyida Islom Karimov tavalludining 82 yilligi munosabati bilan chop etilgan fotoalbomga Karimovning qizlari bilan tushgan suratlari kiritilmagan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Islom Karimov Lola Karimova

Baholaganlar

3120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing