Lola Karimova qizi Maryam bilan aloqani uzgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image
Sud Gulnora Karimova foydasiga muhim qarorni qabul qildi north_east

Sud Gulnora Karimova foydasiga muhim qarorni qabul qildi

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev qizi Maryam bilan aloqalarni uzgan. Bu haqda Maryam Tillyayevaning turmush o‘rtog‘i bloger Amiran Sardarov “To‘g‘ridan to‘g‘ri savol” nomli YouTube shousiga bergan intervyusida so‘z ochgan. 

Amiranning aytishicha, u Maryamning hayotida paydo bo‘lgach, qizning ota-onasi u bilan aloqalarni uzgan. Ular Amiranni oilaga mos kuyov sifatida qabul qilmagan. 

35 yoshli bloger Amiran Sardarov intervyularda ko‘p bora “oila qurib yashash men uchun emas”, deb ta’kidlab kelgan. Ammo u hozirda rafiqasi Maryam Tillyayeva bilan baxtli ekani va hatto ba’zilar ularning baxtiga hasad qilishini aytgan. Unga ko‘ra, ushbu baxtga erishish uchun juftlik katta yo‘qotishlar qilishiga to‘g‘ri kelgan.   

Maryamning ota-onasi qizi o‘ziga mos juftni tanlashiga umid qilishgan, ammo uning bir blogerga turmushga chiqish haqidagi qarori hamma uchun kutilmagan hodisa bo‘lgan.

Amiran o‘zi va rafiqasi Maryamning ota-onasi bilan til topishishda muammoga uchrayotganini tan olgan. 

“Men avvalgidek shaxsiy hayotim haqida ochiq gapirishni xohlardim, lekin shuni ochiqchasiga ayta olamanki, Masha ikkimiz uning ota-onasi bilan yaxshi munosabatda emasmiz. Uning hayotida men paydo bo‘lishim bilananoq, ular qizi bilan gaplashmay qo‘yishgan. Men hozircha faqat shularni ayta olaman, xolos”, deya ta’kidlagan bloger. 

Maryamning o‘zi nima deydi? 

Amiran Sardarov bugun oila sirini tashqariga chiqardi. Bugungacha Maryam Tillyayevaning o‘zi ota-onasi bilan buzilgan munosabatlari xususida miq etmagan. Aksincha, ularni yashirishga uringan. Joriy yilning 27 aprel kuni u Instagram'dagi sahifasi orqali obunachilari bilan muloqot qilib, Amiran Sardarov bilan oila qurish haqidagi tanloviga ota-onasi hurmat bilan munosabatda bo‘lganini aytgan edi

Maryam Tillyayeva rossiyaliy bloger Amiran Sardarov bilan joriy yilning aprel oyida turmush qurdi. Shu yilning avgust oyida esa ijtimoiy tarmoqlarda Maryam Tillyayevaning yalang‘och holatdagi surati tarqaldi. Keyinroq ushbu surat uning turmush o‘rtog‘i Amiran Sardarovning Instagram’dagi sahifasidan ko‘chirib olingani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik Maryamni bobosi Islom Karimovning xotirasiga hurmatsizlikda aybladi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Lola Karimova-Tillyayeva ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali bayonot bilan chiqib, bu qizining shaxsiy hayoti ekani va uni Birinchi Prezident Islom Karimov bilan bog‘lash noo‘rinligi haqida gapirdi

Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.

Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublikasi jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh. Bugungacha sobiq birinchi xonim oila atrofidagi mashmashalarga matbuot orqali munosabat bildirmagan.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Lola Karimova

Baholaganlar

2702

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing