“Lokomotiv” matbuot xizmati sabab jarimaga tortildi

Sport

image

Toshkentning “Lokomotiv” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati 24-turidan o‘rin olgan o‘yinda “temiryo‘lchilar”ning matbuot xizmati o‘z sahifasida uchrashuv rasmiylariga nisbatan ochiqdan-ochiq nohaq fikrlar bildirgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, safarda bahs olib borgan “Lokomotiv” jamoasining o‘yini bahs davomida Telegram messenjeri orqali matnli translyatsiya qilib borilgan va unda o‘yin rasmiylariga nisbatan noo‘rin gaplar ishlatilgan.

“Superliga va Proliga reglamenti”da hakamlikka nisbatan e’tiroz bildirish tartibi uchun alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda bu ish qanday amalga oshirilishi batafsil tushuntirilgan. Shunga qaramay “Lokomotiv” klubi hakamlik yuzasidan hech qanday rasmiy shikoyat kiritmagan. Bundan ko‘rinadiki, klub matbuot xizmati hamda klub rahbariyatining o‘yin yuzasidan pozitsiyasi bir-biridan farq qiladi.  

Superliga bellashuvi jonli teletranslyatsiya qilinadi va uni takroriy lavhalar yordamida kuzatish imkoniyati mavjud. Shuningdek, mazkur musobaqaning har bir uchrashuvida VAR tizimidan foydalanib kelinmoqda. “Dinamo” - “Lokomotiv” uchrashuvida VAR uzilishlarsiz faoliyat olib borgan bo‘lib, undagi barcha detallar nazorat ostida bo‘lgan. 

“Liga tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar va musobaqalarda ishlovchi OAV vakillari uchun media yo‘riqnoma”ning 2.2 bandida klub matbuot kotibi rasmiy sahifalarda e’lon qilingan materiallar uchun javobgar ekanligi belgilangan. Liga “Lokomotiv” matbuot xizmatining xatti-harakatlari yuqorida ko‘rsatilgan har ikki reglamentga zid ekanligidan kelib chiqib, klubga nisbatan jarima intizom chorasi ko‘rilishini ma’lum qiladi. Kelgusida bu kabi holat takrorlansa, matbuot kotibiga berilgan Liga litsenziyasi qaytarib olinadi hamda jamoa uchun boshqa kotibni Liga ro‘yxatidan o‘tkazish talab etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Lokomotiv O'zbekiston Professional futbol ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing