Liviyada motam e’lon qilindi

Olam

image

Liviya Milliy birlik hukumati Turkiyada sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida armiya Bosh shtabi boshlig‘i general Muhammad al-Haddad va uni kuzatib borgan shaxslar halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakatda uch kunlik rasmiy motam e’lon qildi. Bu haqda “Youm7” nashri xabar berdi.

Motam kunlari davomida barcha davlat muassasalarida bayroqlar yarim ustunga tushiriladi, tantanali va rasmiy tadbirlar vaqtincha to‘xtatiladi.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning ma’lum qilishicha, liviyalik general bo‘lgan xususiy samolyot Anqaradagi Esenbog‘a aeroportidan Tripoliga mahalliy vaqt bilan soat 20:10 da uchib chiqqan, 20:52 da esa u bilan aloqa uzilgan. Samolyot parchalari Anqara viloyatining Hayman tumani hududidan topilgan.

Keyinroq Turkiya Prezidenti ma’muriyati huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran X ijtimoiy tarmog‘ida samolyot 20:17 da parvoz qilganini, bortda Liviya Bosh shtabi boshlig‘i, uning atrofidan to‘rt nafar shaxs va uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lganini aniqlashtirgan. 

Soat 20:33 da ekipaj dispetcherlarga elektr jihozlarida nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar berib, favqulodda qo‘nishni so‘ragan va samolyotni Esenbog‘aga qaytarishga uringan. Pasayishni boshlagan samolyot 20:36 da radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan va shundan so‘ng aloqa butunlay uzilgan.

Samolyot bortida Muhammad al-Haddaddan tashqari yana to‘rt kishi bo‘lgan. Unga maslahatchisi Muhammad al-Asavi Diab, Quruqlikdagi qo‘shinlar shtabi boshlig‘i general-leytenant al-Fayturi Garib, brigada generali Mahmud al-Kativiy hamda Bosh shtab matbuot xizmati fotografi Muhammad Umar Ahmad Mahjub hamrohlik qilgan.

Muhammad al-Haddad 2020 yildan buyon Liviya armiyasi Bosh shtabiga rahbarlik qilib kelgan va mamlakat harbiy elitasini birlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda muhim rol o‘ynagan. U G‘arbiy va Sharqiy mintaqalardan besh nafardan harbiy vakil qatnashgan “5+5” qo‘shma harbiy qo‘mitasi yig‘ilishlarida ishtirok etgan. General yagona muntazam Liviya armiyasini tuzish, milliy suverenitetni himoya qilish va harbiylar o‘rtasidagi bo‘linishga barham berishni maqsad qilgan edi. Al-Haddad Turkiyaga bir necha bor tashrif buyurgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Liviya Ali Erliqoya Muhammad al-Haddad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing