Liviya mojarosi: Haftar va Sarroj Moskvada uchrashadi
Olam
−
13 yanvar 2020
5635Liviyada o‘zaro kurash olib borayotgan Liviya milliy birdamlik hukumati rahbari Faiz Sarroj va Liviya milliy armiyasi generali Xalifa Haftar bugun, 13 yanvar kuni Moskvada uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
General Xalifa Haftar Moskvaga yetib borgan. Sarroj va Haftarning muzorkaralarida Rossiya va Turkiya vakillari ham ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Turkiyaga tashrifi davomida mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan Liviya masalasini muhokama qilgandi.
RF-Turkiya muloqotidan keyin Liviya Milliy armiyasi generali Xalifa Haftar Tripoli atrofida o‘t ochish harakatlari to‘xtatilgani haqida e’lon qildi. Bu rejim mahalliy vaqt bilan 12 yanvar kunining ilk daqiqalaridan amal qila boshladi.
Qayd etilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi shartlariga Haftarning dushmanlari - Faiz Sarroj boshchiligidagi Liviya milliy kelishuv hukumati ham harbiy harakatlardan chekingan holda amal qilinadi.
O‘z navbatida Sarroj ham mamlakat g‘arbida o‘t ochish to‘xtatilgani haqida e’lon qildi. U ham “agar boshqa tomon hujum boshlasa, javob qaytarilishi”ni qayd etib o‘tgan.
Turkiya bundan avvalroq, Faiz Sarroj so‘roviga ko‘ra, Liviyaga qo‘shin yuborishni ma’qullab, askarlarini Afrika mamlakatiga jo‘natgandi. Erdo‘g‘an Liviyaga qo‘shin yuborishi mumkinligi haqida gapirganda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining 2 ming askari LMA tarafda jang qilayotganini ta’kidlab o‘tgandi.
Liviyadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Italiya ham tomonlarni uchrashtirmoqchi bo‘ldi biroq Rimdagi uchrashuv so‘ngg pallada bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Liviyada bugungi kunda qo‘shhokimiyatchilik davom etyapti. Mamlakat g‘arbida BMT tomonidan tan olingan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati, sharqida saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan. LMA va Xalifa Haftar sharqdagi parlament hokimiyati bilan hamkorlik qiladi.
Liviyada davom etayotgan qo‘shhokimiyatchilik va unga barham berishga bo‘lgan harakat natijasida ko‘plab insonlarni qoni to‘kilyapti. Marshal Xalifa Haytar va uning Liviya milliy arimiyasi poytaxt Tripolini olishga urinishi mamlakatdan keskinlikni oshirib, gumanitar inqirozni muqarrar qilib qo‘ygandi.
LiveBarchasi