Liviya hukumat kuchlari marshal Haftar armiyasiga hujum qildi
Olam
−
06 aprel 2019
5783Liviya Milliy birdamlik hukumati kuchlari Tripoli janubida joylashgan Liviya milliy armiyasiga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda “Asharq Al-Awsat” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, LMAning G‘aryon va Suk al-Xamisdagi bo‘linmalari hujumga uchragan.
Eslatib o‘tamiz, LMA qo‘mondoni marshal Xalifa Haftar 4 aprel, payshanba kuni Tripolini “terrorchilardan ozod qilish” uchun hujum boshlashga buyruq bergandi. Armiya shaharning janubi-g‘arbidagi Janzur va As-Svani tumanlarini jangsiz egalladi.
Milliy birdamlik hukumati rahbari Faiz Sarroj zarurat tug‘ilsa kuch ishlatishga buyruq bergan.
LMAning rasmiy vakili Ahmad al-Mismari harbiy amaliyotlar ko‘zlangan maqsadlar amalga oshirilmaguncha davom etishini ma’lum qildi.
Liviyadagi vaziyat
2011 yilda Liviyada Muammar Qazzofi hokimiyati ag‘darilib, o‘zi o‘ldirilgach mamlkatda siyosiy inqiroz boshlangan. Liviyada hozirgacha qo‘shhokimiyatchilik hukm suradi.
Sharqda saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lsa, Tripoli va g‘arbni BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati boshqaradi.
Sharqdagi hukmron doiralar rasmiy Tripolidan mustaqil va LMA qo‘mondoni Haftar bilan hamkorlik qiladi. Xalifa Haftar jangarilar bilan eng uzoq davom etgan urushga boshchilik qilyapti.
BMT 2019 yil bahorida Liviyada umumiy saylov o‘tkazishni taklif qilyapti. Saylov orqali qonuniy va barcha tan oladigan hokiyat organlarini shakllantirish maqsad qilingan.
LiveBarchasi