“Liverpul” ustunlik qilgan “Inter”ni nimaning hisobiga yengdi? Klopp tilga kirdi

Sport

image

Bugun, 17 fevral tunda Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak final bahslari davom ettirildi. “Inter” maydoniga safar qilgan “Liverpul” 2 – 0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, “Zalsburg” uyida mehmon bo‘lgan “Bavariya” kutilmaganda, 1 – 1 hisobidagi durrang bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Kunning markaziy uchrashuvi bo‘lgan, “Inter” va “Liverpul” uchrashuvidan so‘ng futbolchi va murabbiylar qanday fikrlar bildirdi?

Mag‘lubiyatga qaramasdan, milanliklar ustozi Simone Inzagi jamoasi yaxshi futbol namoyish qilganini ta’kidlagan.

“Futbolni mayda detallar hal qiladi. Firminoning boshi bilan bergan zarbasi bugungi oqshomni o‘zgartirdi. Ammo bu o‘yin bizga katta ishonch bag‘ishlashi kerak, chunki biz ajoyib o‘yin o‘tkazdik. Biz mag‘lubiyatga loyiq emasdik, ammo bu futbol. G‘ururlanaman, chunki biz Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazdik”, deydi italiyalik mutaxassis.

“Inter” himoyachisi Denzel Yumfrisga ko‘ra, uning jamoasi uchun bugungi natija adolatli bo‘lmadi. Shu sabab, “neradzurrilar” “Enfild”ga faqat g‘alaba qozonish uchun boradi.

“O‘ylashimcha, biz yaxshi o‘ynadik. Biz qattiq kurashdik, chiziqlarni mahkam ushlab oldik, ularga bosim ostida o‘ynash qiyin bo‘ldi. Yakunda biz ularga gol urish uchun imkoniyatlar berdik, ammo 2 – 0 bu adolatli natija emas.  "Enfild"ga borganimizda, faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Bu oson bo‘lmaydi, lekin men kuchimizga ishonaman. Biz u yerga o‘ynash va g‘alaba qozonish uchun boramiz”, degan milanliklar himoyachisi.

G‘alabadan so‘ng, “Liverpul” ustozi Yurgen Klopp zaxiradan tushirgan futbolchilarini maqtab o‘tgan, sababi “Inter” o‘yin nazorat qilayotgan paytda,  Jordan Xenderson, Nabi Keyta, Luis Dias va Roberto Firminoni maydonga tushirib, o‘yinni tubdan o‘zgartirdi.

“Maydonga tushgach, Jordan Xenderson va Nabi Keyta meni lol qoldirishni eplashdi. Luis Dias ham o‘zini maydonda tabiiy tutdi. Firmino gol urdi va uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi qaytdi. Shunday qilib, ustunlikni boy berib, turgan joyimizda to‘satdan to‘p yana bizning eng yaxshi do‘stimizga aylandi va biz g‘alaba qozondik”, degan “qizillar” ustozi.

“Liverpul” himoyachisi Endryu Robertson milanliklar namoyish qilgan o‘yinni alohida e’tirof etgan holda, g‘alabadan xursandligini aytgan.

"Firmino bosh bilan  aql bovar qilmaydigan zarba yo‘lladi va biz g‘alabani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Hali qilish kerak bo‘lgan ish bor, ammo biz bugun kechqurungi natijamizdan xursand bo‘lishimiz mumkin. "Inter" aql bovar qilmaydigan o‘yin namoyish qildi va ular bizga "Enfild"da muammo tug‘dirmoqchi. Biz eng yaxshi holatda bo‘lishimiz kerak”, deydi shotlandiyalik himoyachi.

Ma’lumot uchun, javob uchrashuvi 10-mart sanasiga belgilangan. “Inter” “Liverpul” maydoniga safar qiladi.
 

Ma’ruf Abdumalikov

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Liverpul' Inter

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing