Livanda o‘t ochishni to‘xtatish uchun jiddiy imkoniyat bor – Baydenning odami

Olam

image

Livanda o‘t ochishni to‘xtatish uchun jiddiy imkoniyat bor. Bu haqda Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida Livanga borgan AQSH Prezidenti Jo Baydenning katta maslahatchisi Amos Xoxshteyn Bayrutda Livan parlamenti spikeri Nabih Berri bilan uchrashgandan keyin jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Bizda mojaroga barham berish uchun real imkoniyat bor. Yaqin kunlarda yechim topamiz degan umiddamiz”, deydi u.

Amerika Prezidenti ma’muriyati vakili Berri bilan uchrashuvni konstruktiv deb atadi. Xoxshteynning ta’kidlashicha, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi urushni to‘xtatish qarori mojaro taraflarining qo‘lida.

Jurnalistlar savollariga javob berishdan bosh tortgan Xoxshteyn Livan parlamenti spikeri qarorgohini tark etib, mamlakat Bosh vaziri Najip Mikati bilan ham uchrashdi.

Qayd etish joiz, hozirda Livanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi kelishuv loyihasi muhokama qilinmoqda. Unda uchinchi tomon mamlakatlariga Livan janubidagi tinchlikni va “Hizbulloh” vakillarining Litani shimolida qolishini ta’minlash uchun Livan Qurolli kuchlariga qurol yetkazib berishga ruxsat berilgan. AQSH va Isroil kelishuvga qo‘shimcha loyiha kiritishi kutilmoqda, bu esa  “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni buzsa, Isroilga harbiy harakat qilish imkonini beradi.

Diplomatik sa’y-harakatlar davom etar ekan, Isroil armiyasi Livan janubidagi chegaradan 5-6 km uzoqlikda joylashgan qishloqlarga hujumni kuchaytirgan.  Shuningdek, Bayrut va Livanning boshqa hududlaridagi “Hizbulloh” tayanch nuqtalariga zarba berishi davom etmoqda.

Qayd etilishicha, Isroil harbiy harakatlarni sezilarli darajada pasaytirgan bo‘lsa-da, “Hizbulloh” Shimoliy Isroilning katta qismida hujumlarni davom ettirib, bir necha kun ichida 100 dan ortiq snaryadlar otgan.

Bildirilishicha, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilning yangi Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan suhbatlashib Livandagi vaziyatni hal qilish uchun “isroillik va livanlik fuqarolarga o‘z uylariga qaytish imkonini beradigan” diplomatik yechim zarurligini muhokama qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Livan Hizbulloh Amos Xoxshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing