Livanda peyjerlardan so‘ng aloqa vositalari ham ommaviy portladi (video)
Olam
−
18 Sentabr
10966Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Livanning NAA agentligi xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bugun, 18 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida, jumladan, Bayrutning janubiy chekkasida peyjerlarning portlashiga o‘xshash portlash tovushlari eshitilgan. Mahalliy OAVlar bu safar peyjerlar emas, noutbuklar, mobil telefonlar va avtomobil radiolari portlatilgani haqida xabar bergan. Portlashlar turar-joy binolari va uyali telefon do‘konlarida ham sodir bo‘lgan.
“Saxmar qishlog‘ida qurilmalarning portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
"An-Nahar" nashrining xabar berishicha, aloqa qurilmalari qatorida “Hizbulloh” a’zolarining ratsiyalari ham portlab ketgan. Ular, kecha, 17 sentyabr kuni mamlakatda portlagan peyjerlar bilan bir vaqtda – taxminan 5 oy oldin sotib olingan.
Livan hukumati voqealarda Isroilni ayblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan.