Livanda moliyaviy inqiroz ortidan namoyishlar boshlandi
Olam
−
30 aprel 2020
3325Bugun, 30 aprel kuni butun Livan bo‘ylab moliyaviy inqirozlarga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi. Namoyishchilar Bayrutdagi yo‘llarni va mamlakat shimolidagi Tripoli portini to‘sib qo‘ydi. Bundan tashqari, mamlakat janubidagi Sayde shahridagi Markaziy bank filialiga “Molotov kokteyli” va toshlar uloqtirildi. Namoyishlar va tartibsizliklar Livan armiyasi bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda.
Inqirozning asosiy aybdori deb hisoblagan Markaziy bank rahbari Riad Salam bu ishlarda aloqasi yo‘qligini aytib, aybini rad etmoqda. Riad unga qarshi “muntazam kampaniya” olib borilayotganini da’vo qilmoqda. So‘nggi kunlarda hukumat tomonidan ham Markaziy bankka qarshi taziyqlar bo‘la boshladi. Masalan, mamlakat bosh vaziri Xassan Diab Salamning harakatlarini tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Riad Salam 1993 yildan beri Livan Markaziy bankini boshqarib kelmoqda. U kecha, 29 aprel kuni mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, hukumatni “misli ko‘rilmagan moliyaviy inqiroz”ni boshlashda aybladi.
“Markaziy bank davlatga moliyaviy yordam ko‘rsatdi, ammo kimdir pullarni shunchaki havoga sovurdi”, dedi Salam o‘z murojaatida.
O‘z navbatida, Bosh vazir Xassan Diab boshchiligidagi yangi hukumat “uzoq kutilgan” islohotlarni amalga oshirish uchun chet eldan mablag‘ olishga tayyorligini bildirgan.
LiveBarchasi