Livanda bir haftada qariyb 700 ming kishi uyini tashlab ketdi
Olam
−
17:09 1268 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv sabab, Livanda bir hafta ichida qariyb 700 ming kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. So‘nggi 24 soat ichida esa 100 mingdan ortiq odam ko‘chishga majbur bo‘lgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Livandagi vakili Karolina Lindxolm Billingning aytishicha, mamlakat bo‘ylab 667 mingdan ortiq kishi ko‘chirilgan sifatida ro‘yxatga olingan.
Uning ta’kidlashicha, Isroilning havo hujumlari hamda qator hududlarda e’lon qilingan ommaviy evakuatsiya ogohlantirishlari minglab oilalarni qisqa vaqt ichida uylarini tark etishga majbur qilgan.
BMT vakiliga ko‘ra, ko‘plab odamlar deyarli hech qanday buyum ololmay, shoshilinch ravishda qochib ketgan. Ularning aksariyati Bayrut, Livan tog‘lari, shimoliy hududlar va Bekaa vodiysida vaqtinchalik boshpana izlamoqda.
Hozirda ko‘chirilganlarning 120 ming nafari hukumat tomonidan tashkil etilgan jamoaviy boshpana joylarida yashamoqda. Qolganlar esa vaqtincha qarindoshlari yoki do‘stlarining uyida yashayapti yoki hali ham turarjoy izlamoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon 78 mingdan ortiq suriyalik Livandan Suriyaga qaytgan, shuningdek 7,7 mingdan ortiq livanlik ham Suriya hududiga o‘tgan.
Livan rasmiylari 2 martdan buyon Isroil hujumlari oqibatida kamida 486 kishi halok bo‘lganini, 1313 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 84 nafar bola bor.
BMT Livandagi gumanitar vaziyat tobora og‘irlashayotganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni mamlakatga tezkor yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi bilan urush keskinlashib borayotgan bir paytda Isroilning keng ko‘lamli havo va quruqlik operatsiyalari oqibatida Livanda o‘nlab odam halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi