Isroil Livandagi qishloqda reyd o‘tkazdi. O‘nlab qurbonlar bor

Olam

image

Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi bilan urush keskinlashib borayotgan bir paytda Isroilning keng ko‘lamli havo va quruqlik operatsiyalari oqibatida Livanda o‘nlab odam halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Bekaa vodiysining sharqiy qismidagi shaharlaridan birida o‘tkazilgan Isroil operatsiyasi davomida bir kechada kamida 41 kishi halok bo‘lgan, yana 40 kishi jarohat olgan. Bu hudud hozir tobora kuchayib borayotgan janglarning asosiy o‘choqlaridan biri hisoblanadi.

Halok bo‘lganlar orasida Livan armiyasining uch nafar harbiy xizmatchisi ham bor. Mahalliy aholi esa o‘ldirilganlar orasida bolalar ham borligini aytib, ularning ismlarini sanab o‘tgan.

Nabi-Shit shahrida o‘tkazilgan operatsiyaning maqsadi 40 yil avval Livanda bedarak yo‘qolgan isroillik harbiy uchuvchining qoldiqlarini topish bo‘lgan.

Kecha, 7 mart kuni kuni qishloq qabristonining bir burchagida qazilgan chuqur paydo bo‘lgan — u yerda qabr ochilgan.

“Ular uni shu yerda deb o‘ylashgan, lekin qabr bo‘sh chiqdi”, deydi mahalliy aholidan biri bo‘sh qabrni ko‘rsatib.

Shaharning boshqa joyida o‘qlar bilan teshib tashlangan vayron avtomobil ko‘ringan, uning o‘rindiqlari esa qonga belangan.

Atrofdagi binolar vayronaga aylangan, yerda esa ulkan krater paydo bo‘lib, qo‘shni uylar ham zarar ko‘rgan.

Vayronalar orasidan kundalik hayotga oid buyumlar — bolalar kitobi, rasmlar va oshxona jihozlari ham topilgan.

Bu hududda ustun kuch hisoblangan “Hizbulloh” jurnalistlarga qishloqqa kirishga ruxsat bergan. Bu tashkilot Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa bir qator davlatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

Livan harbiylarining ma’lum qilishicha, joriy yil 6 mart kuni kechqurun Livan va Suriya chegarasi yaqinida to‘rtta Isroil samolyoti paydo bo‘lgan, ulardan ikkitasi qo‘nib, maxsus kuchlar askarlarini tushirgan.

Shundan so‘ng, “keng ko‘lamli havo bombardimoni” boshlangan.

“Hizbulloh” bilan Isroil o‘rtasidagi urushdan chetda turishga harakat qilayotgan Livan armiyasi o‘z bo‘linmalari “zudlik bilan jangovar shaylik va mudofaa choralarini ko‘rganini”, qo‘nish joyini aniqlash uchun yorituvchi raketalardan foydalanganini bildirgan.

Nabi-Shit ko‘chalarida Isroil kuchlari, “Hizbulloh” jangchilari va uylarini himoya qilgan mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan.

“Yarim tunda qishloqning bir tomonida g‘alati harakatni payqadik. Ma’lum bo‘lishicha, bu qandaydir topshiriqni bajarish uchun tushirilgan Isroil bo‘linmasi ekan. Keyin ularni qurshab olishdi, og‘ir janglar boshlandi. Shundan so‘ng aviatsiya ularni evakuatsiya qilish uchun zarbalarni kuchaytirdi va bu ulkan vayronagarchilikka olib keldi”, deydi mahalliy amaldor.

“Hizbulloh” vakillari va mahalliy aholi aytishicha, Isroil maxsus kuchlar chekinishi uchun ularni himoya qilish maqsadida bu hududga qariyb 40 marta havo zarbasi bergan.

Guvohlar BBC’ga Isroil harbiylari Livan armiyasi formasida kelganini va “Islomiy sog‘liqni saqlash tashkiloti” ramzlari tushirilgan tez yordam mashinalaridan foydalanganini aytgan. Bu tuzilma “Hizbulloh” bilan bog‘liq hisoblanadi.

Keyinchalik Livan armiyasi bosh qo‘mondoni bu ma’lumotni mahalliy OAVga tasdiqlagan, biroq Isroil armiyasi BBC’ning so‘roviga javob bermagan.

Qishloqqa Isroil tomonidan evakuatsiya buyrug‘i ham berilgan bo‘lib, mahalliy aholi operatsiya boshlanishidan sal oldin yana bir bor tinch aholiga uylarini tark etish chaqirig‘i yangraganini aytmoqda.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hafta boshidan buyon butun mamlakat bo‘ylab Isroil harbiylari harakatlari oqibatida kamida 294 kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi Eronga qarshi operatsiya bilan bir vaqtda Livan janubida ham harakat qilayotgani va “oldingi mudofaani kuchaytirish uchun” chegara yaqinidagi bir nechta nuqtalarda pozitsiyalarni egallagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

reyd Isroil Livan Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing