Livan va Isroil “Hizbulloh” nazoratiga qo‘shin yuboradigan davlatlar ro‘yxatini tuzdi

Olam

image

Livan va Isroil AQSH vositachiligidagi kelishuv doirasida “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish jarayonini nazorat qilish uchun qo‘shin yuborishi mumkin bo‘lgan davlatlarning qisqa ro‘yxatini kelishib oldi. Bu haqda livanlik rasmiy hukumat vakili ma’lum qildi.

Uning aytishicha, endi ro‘yxatdagi davlatlar orasidan qaysilari tanlanishini AQSH hal qiladi. Rasmiy ro‘yxatdagi davlatlar soni va ularning nomlarini oshkor qilmagan. Ro‘yxat shu hafta Rimdagi AQSH elchixonasida bo‘lib o‘tgan Livan va Isroil muzokaralari davomida shakllantirilgan. 

Qayd etilishicha, kelishuv Isroil qo‘shinlarining Livandan bosqichma-bosqich chiqib ketishini “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish bilan bog‘laydi va jarayon uchinchi tomon tomonidan tekshirilishini nazarda tutadi. Biroq “Hizbulloh” kelishuvni va o‘z qurol-yarog‘idan voz kechishni rad etgan.

“Biz davlatlarning qisqa ro‘yxatiga erishdik. Har bir tomon qaysi ishtirokchilarni qabul qila olmasligini belgiladi va ehtimoliy ishtirokchilarni tanladi. Endi amerikaliklar qaror qabul qiladi va bir nechta davlatni tanlashi mumkin”, degan livanlik rasmiy.

Livan xususiy xavfsizlik kompaniyalarining “Hizbulloh”ni qurolsizlantirishni nazorat qiladigan uchinchi tomon sifatida ishtirok etishi haqidagi avvalgi taklifni rad etgan. Endi xorijiy kuchlarning soni, ularning vazifalari va Livan armiyasi bilan hamkorligi bo‘yicha kelishishi kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xorijiy qo‘shinlar Livandagi BMT tinchlikparvar missiyasi – UNIFIL tarkibida joylashtirilishi mumkin. Buning uchun BMT Xavfsizlik kengashining yangi rezolyutsiyasi talab etiladi. Boshqa variantlar qatorida ularni BMTning alohida agentligi tarkibida joylashtirish yoki Livan bilan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida faoliyat yuritish ham ko‘rib chiqilmoqda.

Muzokaralarda Isroil qo‘shinlari keyingi bosqichda qaysi hududdan chiqib ketishi masalasida kelishuvga erishilmagan. Bayrut Isroil qo‘shinlari tomonidan jiddiy zarar ko‘rgan Bint Jbeyl va Xiam shaharlarini taklif qilgan.

Keyingi muzokaralar sentyabr oyining boshida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyun kuni Isroil va Hizbulloh o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing