Litseziyalanadigan faoliyat turlari qisqaradi. Prezident yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 fevral kuni tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari Oliy Majlisga o‘tgan oyda yo‘llangan Murojaatnomada tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash tartibini qayta ko‘rib chiqish va yaxshilash yuzasidan aniq vazifalar belgilab bergan edi.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida litsenziya va ruxsatnomalar turlarini qisqartirish, ularni berish tartibini soddalashtirish va tegishli talablar bajarilishini monitoring qilishning oshkora mexanizmlarini ishlab chiqish hozirgi davr talabidir.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tarkibida maxsus Ishchi guruh tuzilgan.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur Ishchi guruh ishini tashkil etishdagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Binobarin, avvalo inson sog‘ligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanishi lozimligi ta’kidlandi.

Masalan, o‘quv markazlaridagi o‘qitish jarayoni fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga ziyon yetkazmasa-da, litsenziyalanadi.

Ayni paytda, ayrim litsenziya shartlari sohada raqobatni ham cheklamoqda.

Xususan, kredit tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatish bilan yagona kredit byurosi shug‘ullanib, bozorga boshqa tadbirkorlar kirishiga deyarli imkon yo‘q. Kredit byurosini ochish uchun kamida 10 ta tijorat bankining roziligini olish talab etiladi. Mavjud 30 ta bankdan 26 tasi ushbu yagona kredit byurosining muassisi hisoblanib, qolgan 4 ta bank yangi byuro tashkil etishga rozilik bergan taqdirda ham tashabbuskor litsenziya ololmaydi.

Shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini keng joriy etish lozimligi qayd etildi.

Xorijiy tajribada litsenziyalash o‘rniga xabardor qilish, majburiyatni sug‘urtalash, o‘zini-o‘zi boshqarish, texnik tartibga solish kabi muqobil usullar mavjud. Misol uchun, turar joy ob’ektlarini noturar sifatida qayd etish uchun tadbirkor alohida ruxsatnoma olishi kerak. Vaholanki, buning uchun davlat idoralari xabardor qilinsa kifoya bo‘lishi mumkin.

Xuddi shunday, rieltorlik, auditorlik, sud boshqaruvchiligi kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchilarning javobgarligini sug‘urtalash yoki o‘z-o‘zini boshqarish tizimlariga o‘tkazish mumkin.

Shu munosabat bilan, Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ikki oy muddatda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini joriy qilish vazifasi yuklatildi.

Davlat rahbari litsenziya va ruxsatnomalar berish tartibi va muddatlarini ham qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Adliya vazirligiga bir oy muddatda litsenziya va ruxsatnoma berish muddatlari va to‘lovlarini o‘rganib chiqib, ularning shartlarini aniq belgilash yuzasidan topshiriq berildi.

Undan tashqari, ba’zi holatlarda tadbirkor litsenziya olish uchun uzoq vaqt davomida sarson bo‘lib, kerakli hujjatlarni to‘plab topshiradi, biroq arzimagan sabablar bilan uning arizasi qaytariladi.

Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev litsenziyalash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni to‘liq joriy qilish zarurligini qayd etdi.

Litsenziyalarning 79 foizi, ruxsat beruvchi hujjatlarning 80 foizi hanuzgacha qog‘oz shaklida berilmoqda. “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi 2014 yilda tashkil etilganiga qaramay, bugungi kunda bu portal deyarli faoliyat yuritmayapti. O‘tgan yili 4 mingdan ortiq litsenziya “bir darcha” tamoyiliga rioya qilinmasdan berilgan.

Axborot texnologiyalari va kommuni-katsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga joriy yil 1 avgustga qadar litsenziya berish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni to‘liq avtomatlashgan yagona elektron tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari, shuningdek, litsenziya talablariga rioya etishni (post-litsenzion) monitoring qilishning yangi, oshkora tizimini joriy qilish lozimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, yong‘in nazorati organlari yong‘inga qarshi vositalarni o‘rnatuvchilar faoliyatini nazorat qilishi kerak bo‘lsa-da, bunday nazorat tizimi amalda mavjud emas.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida barcha litsenziya talab qiluvchi faoliyat turlarida avtomatlashtirilgan risk-analiz tizimini va masofaviy nazoratni yo‘lga qo‘yish zarurligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, Prezident ta’kidlanidek, sohada korrupsiya va turli suiiste’molchiliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazorati tizimini joriy qilish talab etiladi.

Yig‘ilishda mutasaddilar olib borilayotgan ishlar hamda har bir tarmoq kesimida qaysi litsenziya va ruxsatnomalarni qisqartirish mumkinligi to‘g‘risida axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Litsenziya

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing