1 yanvardan yana bir faoliyat turi uchun litsenziya olish talab etilmaydi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 9 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 

Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

•    avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, yo‘l-qurilish ishlarini texnik nazorat qilish uchun yangidan boshlanadigan ob’ektlar bo‘yicha shartnomalar faqat davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkaziladigan tanlov (tender) yakunlari bo‘yicha tuziladi;

•    yo‘l-qurilish ishlari bo‘yicha konsalting xizmatlari (texnik nazorat) mustaqil tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin;

•    Toshkent shahri ko‘chalarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi.

Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, neft bitumining yo‘llarga mo‘ljallangan markalarini sotish sohasida faoliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilmaydi.

Farmonga muvofiq, yo‘l-qurilish korxonalari MCHJ etib qayta tashkil etilgan holda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Farmon bilan “Yo‘lqurilish” AJ tashkil etildi hamda qo‘mita tarkibidan chiqarilgan korxonalarning ustav jamg‘armalaridagi davlat ulushi mazkur AJga o‘tkazildi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ va  avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha ishlarning yagona buyurtmachisi etib belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni Litsenziya

Baholaganlar

102

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing