Lissabondagi “otishma”dan omon qolgan “Barselona”

Sport

image

Kataloniyaning “Barselona”si Chempionlar ligasi 7-turi doirasida “Benfika”ga qarshi ajoyib kambek amalga oshirdi va 5:4 hisobida g‘alaba qozondi.

22 yanvarga o‘tar kechasi Portugaliyaning “Estadio da Lus” stadionida Yevropa chempionlar ligasi doirasida “Barselona” “Benfika” mehmoni bo‘ldi va 5:4 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda mezbonlar hujumchisi Pavlidis xet-trik qayd etgan bo‘lsa, Arauxo o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. “Ko‘k-anorranglilar”dan Levandovski ikki bor penaltini golga aylantirdi, Erik Garsiya ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Rafinya dublni rasmiylashtirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

 

Qizig‘i shundaki, kataloniyaliklar uchrashuv yakuniga 15 daqiqa qolganida 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgandi. Ammo 85-daqiqada Garsiya hisobni tenglashtirdi. 90+5-daqiqada qarshi hujumga o‘tgan “Barselona” vingeri Rafinya jamoasining g‘alaba golini kiritdi. Shu tariqa, “Barselona” o‘z tarxida ilk bor Chempionlar ligasi doiraisda 2 ta to‘p farqini yo‘qqa chiqarib, g‘alaba qozondi.

Mazkur g‘alabadan keyin “Barselona” 7 ta o‘yinda 18 ochko jamg‘arib, keyingi bosqich masalasini muddatidan avval hal qildi. Kataloniyaliklar Chempionlar ligasi doirasida navbatdagi bahsni 29 yanvar kuni o‘z maydonida “Atalanta”ga qarshi o‘tkazadi. 

Mag‘lubiyatga uchragan “Benfika” keyingi bosqich uchun imkoniyatlarini hali ham saqlab turibdi. Jamoa 7-turdan keyin 10 ochko jamg‘ardi va 18-o‘rinni qayd etib turibdi. Klub kuchli 24 talikka kirish imkoniyatiga ega. Ya’ni 8 ta klub to‘g‘ridan to‘g‘ri chorak finalga yo‘l oladi. 24 talikka kirgan jamoa keyingi bosqich uchun pley-off o‘yinlarida qatnashadi. Lissabonliklar esa mana shu imkoniyatni saqlab turibdi.

Bugun, 22 yanvar kuni Chempionlar ligasi 7-tur o‘yinlari davom ettiriladi. Deyarli yonma-yon kelayotgan, “Manchester Siti” va PSJ o‘zaro to‘qnash keladi. Kuchli 24 talikka kirishga urinayotgan Madridning “Real” klubi “Zalsburg”ni qabul qiladi. Har ikki bahs Toshkent vaqti bilan 23 yanvarga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Portugaliya Benfika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing