Saida Mirziyoyeva Trampning qizi bilan uchrashdi (foto)
Jamiyat
−
16 fevral 2020
36919Bugun, 16 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Butunjahon ayollar forumi ochilgani, unda O‘zbekiston Repsublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zlagani haqida xabar bergan edik.
Dubay amirligi shayxi Manal bint Muhammad ben Rashid Al Maktum rahbarligida tashkil etilgan ushbu forumda Xalqaro valyuta fondi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva, AQSH Prezidentining qizi – Prezident maslahatchisi Ivanka Tramp va Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri, taniqli siyosatchi Tereza Mey ishtirok etmoqda.
Saida Mirziyoyeva ushbu forumda Manal bint Muhammad ben Rashid Al Maktum, Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maktum, Xalqaro valyuta fondi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva, AQSH Prezidentining qizi – Prezident maslahatchisi Ivanka Tramp bilan uchrashib, suhbatlashgan.
“Dubayda Butunjahon ayollar forumi ochilishidan oldin biz Jahon banki prezidenti Devid Malpass bilan suhbatlashdik. U meni Ivanka Tramp bilan tanishtirdi.
⠀
Tanishuv davomida Ivankaning yonida turgan Xalqaro valyuta jamg‘armasining boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva suhbatga qo‘shildi. U o‘zining O‘zbekiston Prezidentiga yuksak hurmatini qayd etdi.
⠀
Dubay amirligi rahbari shayx Muhammad bin Rashid Al Maktumga va Manal bint Muhammad bin Rashid Al Maktumga taklif uchun minnatdorlik izhor etaman”, deb yozadi o‘z sahifasida Mirziyoyeva.
“Bugungi kunda bizda bor imkoniyatlar uchun taraqqiyotimizga ulkan hissa qo‘shgan, barcha yo‘nalishlarda astoydil ishlagan, lekin bugungi tenghuquqlilik darajasiga erishishimizni tasavvur qila olmagan onalarimiz va buvilarimiz oldida qarzdormiz”, degan Saida Mirziyoyeva forumdagi nutqida.
Eslatib o‘tamiz, forumga 87 mamlkatdan 3000 ga yaqin delegat, 100 ta ma’ruzachi, Xalqaro Valyuta Fondi, Jahon Banki, BMT va PROON kabi tashkilotlar vakillari taklif qilingan. Forum 16-17 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi