Lavrov O‘zbekistonga keladi
Jamiyat
−
24 Oktabr
8991Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov joriy yilning 28-29 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi va u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida asosiy e’tibor Rossiya-O‘zbekiston hamkorligini yanada chuqurlashtirish va rivojlantirishga qaratiladi, xususan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2024 yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu nuqtai nazardan, ikki tomonlama kun tartibi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Rossiya TIV rasmiy vakili uchrashuvda “O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomini hisobga olgan holda Yevrosiyo integratsiyasi jarayonlarini diplomatik qo‘llab-quvvatlashi” alohida mavzu bo‘lishini aytdi.
Shuningdek, Lavrov tashrifi davomida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbati rejalashtirilgan.
Qayd etish joiz, 22 oktyabr kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga borib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashgandi.
“Tashqi ishlar vaziri sifatida mamlakatim xavfsizligini ta’minlash mening vazifamdir. Hozirda bu xavfsizlikka Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi va uning oqibatlari bilan tahdid qilinmoqda. O‘zbekiston Diplomatik akademiyasining yosh diplomatlariga bugungi murojaatim shu edi”, deb yozgandi Chexiya vaziri JIDUga tashrifidan so‘ng o‘zining X’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2023 yil aprelda Samarqandga kelgan va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining tor va kengaytirilgan shakldagi yig‘ilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etgandi.
LiveBarchasi