Lavrov Turkiyaning Ukrainadagi urushga nisbatan pozitsiyasiga munosabat bildirdi
Olam
−
16 mart 2022 11135 2 daqiqa
Moskva va Anqaraning Ukrainadagi vaziyatga yondashuvlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, biroq Rossiya Turkiya pozitsiyasini hurmat qiladi va qadrlaydi. Bu haqda bugun, 16 mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov turkiyalik hamkasbi Mavlud Chavusho‘g‘li bilan muzokaralar chog‘ida aytib o‘tdi.
"Agar tashqi siyosat masalalari haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda biz uchun asosiy mavzu– Ukrainadagi vaziyat va uni tezroq tartibga solish zarurati. Sir emaski, bizning pozitsiyalarimiz bu masalada bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti, lekin biz bu pozitsiyani juda qadrlaymiz va hurmat qilamiz. Turkiya hozirgi inqirozdan kelib chiqadigan vazifalarga xolisona yondashishga harakat qiladi”, deydi u.
Shuningdek, Rossiya tashqi diplomatiya rahbari Turkiyaning Montryo konvensiyasiga sodiq qolayotganini ham olqishlagan.
“Albatta, biz Anqaraning Montryo konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish borasidagi mas’uliyatli yondashuvini ko‘rib turibmiz va qadrlaymiz”, deydi u.
Lavrov shuningdek, Ukrainadagi vaziyatdan tashqari Chavusho‘g‘li bilan Suriya, Liviya, Afg‘oniston va Transkavkazda vaziyat qanday ekani haqida fikr almashishini qayd etgan.
Bundan tashqari, vazir ikki tomonlama kun tartibining boyligi va rang-barangligini urg‘ulagan.
"Biz Prezidentlar Turkiyada o‘tkazishga kelishib olgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratamiz. Ishonchim komilki, barcha sharoitlarni hisobga olgan holda, biz barcha sanalarni kelishib olamiz”, dedi Lavrov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Antaliya diplomatik forumi doirasida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li guvohligida muzokara o‘tkazdi. Bugun, 16 mart kuni esa Chavusho‘g‘li Lavrov bilan uchrashish uchun Moskvaga keldi. Uning keyingi manzili Kiyev bo‘lishi kutilmoqda.
Live
Barchasi