Latviya o‘zbekistonliklarga vizani cheklaydimi? TIV izoh berdi

Jamiyat

−

image

Avvalroq, Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatishni taklif etgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, fuqarolarga murojaat qildi. 

Qayd etilishicha, ushbu xabarlar e’lon qilingan zahoti O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tegishli diplomatik choralar ko‘rilgan. Xususan, O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi tomonidan Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, Prezident Administratsiyasi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilgan. Shu bilan birga, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan ham muloqotlar olib borgan.

Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi yetkazilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surgan.

“O‘zbekiston Latviya bilan shakllangan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yuksak qadrlaydi. Latviya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri bo‘lib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, migratsiya va boshqa sohalardagi aloqalarimiz izchil rivojlanib bormoqda”, deyiladi izohda.

Shu bilan birga, TIV xorijda bo‘lib turgan yoki xorijga chiqishni rejalashtirayotgan fuqarolarni mamlakat qonunchiligiga qat’iy rioya qilishga, milliy urf-odatlari va an’analarini hurmat qilishga va o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirgan.

Ayrim shaxslarning qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yishi nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qib, ishlab, sayohat yoki istiqomat qilib yurgan boshqa fuqarolarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing