Latviya Britaniyadan olingan zirhli mashinalarini Kiyevga o‘tkazmoqchi
Olam
−
16 Sentabr
2122Latviya hukumati 2014 yilda Buyuk Britaniyadan sotib olingan CVR(T) razvedka zirhli mashinalarini Ukrainaga yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mahalliy matbuot xabar bermoqda.
Operativ xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Latviya Mudofaa vazirligi Kiyevga topshiriladigan zirhli texnikalarning aniq sonini oshkor qilmadi.
Avvalroq vazirlik Latviya Ukrainaga kamida 2026 yilgacha har yili YAIMning 0,25 foizi miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishi haqida xabar bergan edi. Hozirgacha Latviya Ukrainaga turli xil qurol-yarog‘ va texnika, jumladan, Avstriyadan sotib olingan vertolyotlar va o‘ziyurar gaubitsalarni topshirdi.
2014 yilda Buyuk Britaniya bilan imzolangan shartnomada Latviyaga jami 123 dona CVR(T) zirhli avtomashinalarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ulardan 116 tasi modernizatsiya qilingan va 7 tasi mexaniklarni tayyorlash uchun kapital ta’mirlanmagan. Birinchi harbiy mashinalar Latviyaga 2015 yilning kuzida kelgan. 2019 yilda Buyuk Britaniya bilan qo‘shimcha uskunalar sotib olish bo‘yicha yana bir shartnoma imzolandi.
Latviya Qurolli kuchlari qo‘mondoni Leonid Kalnins o‘tgan yilning sentyabrida taktik operatsiyalarda qatnashish va dushmanni frontda yo‘q qilish uchun kamida uchinchi darajadagi himoyaga ega yangi piyoda askarlarning jangovar mashinalari zarurligini aytgan edi.
Joriy yilning yozida Mudofaa vaziri Andris Spruds piyoda jangovar mashinalarni sotib olish tanlovning yakuniy bosqichida ekanini ma’lum qildi.
LiveBarchasi