Kusherboyev “snos”ga moratoriy joriy etish taklifi bilan chiqdi
Jamiyat
−
11 dekabr 2020
5177O‘zbekistonda “snos” masalasi yaqin yillardagi eng “boshog‘riq” muammolardan biri bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ta’kidlamoqda.
“Afsuski, kompensatsiyani qoplash uchun mablag‘ bor yoki yo‘q ekanligiga qaramay “ura-ura”chilik oqibatida qisqa vaqt ichida ko‘plab xususiy mulklarga zarar yetkazildi, ayrimlarda xususiy mulk daxlsizligiga bo‘lgan ishonch sindi va sinmoqda”, deydi deputat.
U so‘zida davom etib, bugun yetkazilgan zararlarni qoplash o‘lganning ustiga tepgandek ko‘pgina rejalarning to‘xtab qolishiga ham sabab bo‘layapti. Bu holat rivojlanish kafolati bo‘lgan investitsiya jalb qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi esa masalaning boshqa tomoni ekani qayd etilgan.
“Birovning peshona teri bilan qurgan joyini asossiz, roziliksiz buzishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunga yo‘l qo‘yish zulm bilan barobar, zulm esa yomon…
Shu bilan birga investitsiya jalb etishda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash eng muhim talab ekanligi va asosiy ish o‘rni yaratuvchi, soliq to‘lovchilar ham xususiy mulk egalari bo‘lgan tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, aynan “snos” masalasida ma’lum muddatga moratoriy e’lon qilish ayni paytda muammoni yechishning to‘g‘ri yo‘li ekanligini ko‘rsatmoqda”, deydi deputat holatga yechim taklif qilarkan.
Uning ta’kidlashicha, toki moratoriy bo‘lmas ekan joylar alohida guruhlarning manfaati uchun buzilishi, yerlar asossiz olib qo‘yilishda davom etaverishi mumkin.
“Snos”ga qarshi moratoriy ayrim joylarda xususiy mulk daxlsizligi nima ekanligini tushunmaydigan, Konstitutsiya va qonunlardagi talablardan chuqur xabardor bo‘lmagan faol “ijrochi”larning qayernidir buzib, yerni olib qo‘yaman, degan fikridan voz kechib, shu yurt kelajagi uchun o‘z harakatlarini o‘ylab ko‘rishga undagan, fuqarolarda esa ishonch uyg‘otib, investitsiya ishtiyoqini oshirgan bo‘lar edi.
Biz nafaqat qog‘ozda balki amalda ham xususiy mulk daxlsizligi ta’minlangan, turmushi farovon, Konstitutsiyasi ustuvor jamiyatda yashashni istaymiz xolos”, deya so‘zini yakunlagan Kusherboyev.
LiveBarchasi