Kurtulmush Isroilning BMTga a’zoligini to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

Turkiya parlamenti spikeri No‘mon Kurtulmush Isroilning xalqaro tashkilotlardagi, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi a’zoligini to‘xtatish bo‘yicha shoshilinch va aniq choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 29 avgust kuni mamlakat parlamentining G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Bugun men xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Isroil genotsid siyosatidan voz kechmaguncha, uning barcha xalqaro tashkilotlardagi, jumladan, BMTda a’zoligini to‘xtatish zarurligi haqida taklif bildiraman va bayon qilaman”, deydi u.

Kurtulmushning eslatishicha, Turkiya Buyuk Millat Majlisining 28-sessiyasida G‘azo sektorida va butun Falastin hududlarida Isroil tomonidan sodir etilgan genotsid va jinoyatlarga, shuningdek, uning tajovuzi va ekspansionistik harakatlariga oid oltita qo‘shma deklaratsiya hamda Prezident farmoni qabul qilingan.

Parlament spikerining aytishicha, Isroilning yillar davomida olib borgan bosqin, vayronkorlik va anneksiya siyosati so‘nggi ikki yil ichida genotsid darajasidan ham oshib ketgan.

“Na zulm, na shafqatsizlik, na vahshiylik, na ommaviy qirg‘in, na genotsid – ularning hech biri sionistik Isroilning qilayotganlarini ifodalay olmaydi”, deydi Kurtulmush.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar ommaviy qirg‘in qurbonlari deyarli 70 ming kishiga yetgan, ularning katta qismi ayollar va bolalar. Fuqarolik infratuzilmasi ataylab hujum ostiga olingan, maktablar, ibodatxonalar va shifoxonalar esa bombardimonlarga duch kelgan.

Kurtulmush yaqinda Falastin janubidagi “Nosir” shifoxonasiga uyushtirilgan hujum oqibatida bemorlar, tibbiyot xodimlari va xalqaro OAV vakillari o‘ldirilganini ham eslatib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi 36 ta shifoxonaning 33 tasi butunlay vayron qilingan, yoki og‘ir shikastlangan.

“Boshqacha aytganda, G‘azodagi tibbiy xizmatlar amalda qaytmas nuqtaga yetdi. G‘azo zudlik bilan qayta tiklanishi kerak”, deydi Kurtulmush.

Uning bildirishicha, odamlarni ataylab och qoldirish bir necha oylardan buyon begunoh insonlarni o‘ldirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.

“Hattoki oziq-ovqat karvonlari ham sionistik vahshiylarning o‘lim tuzog‘iga aylangan. Isroil G‘azoni bosib olish qarorini qabul qilgan holda insoniyatga qarshi jinoyatlarni davom ettirmoqda. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Isroil G‘azo aholisini ataylab ochlik va to‘yib ovqat yemay yashashga mahkum qilganini tasdiqlashdi. Isroil darhol o‘t ochishni to‘xtatishga va barcha qurolli kuchlarini hududdan olib chiqishga rozi bo‘lishi kerak. G‘azo xalqaro gumanitar yordam va qayta qurish rejalariga muvofiq imkon qadar tezroq tiklanishi lozim. Hududni boshqarish falastinliklarga tegishli bo‘lishi, uning xavfsizligini esa BMT tinchlikparvar kuchlari kafolatlab berishi shart. Bundan tashqari, yaqinda Irlandiya Prezidenti aytganidek, G‘azo sektorida gumanitar sharoitni ta’minlash uchun BMT kuchlarini joylashtirish shoshilinch zaruratdir”, deydi u.

Turk siyosatchisining ta’kidlashicha, Isroil vahshiyligi faqat G‘azo bilan cheklanib qolmayapti, balki Quddus va Iordan daryosining g‘arbiy sohilida ham zo‘ravonlikni kuchaytirib, yerlarni bosib olish va binolarni noqonuniy buzish ishlarini jadallashtirmoqda.

Kurtulmushning qayd etishicha, “El hududi” deb atalgan zonada yangi noqonuniy mustamlaka qurish qarori Sharqiy Quddusni G‘arbiy sohilidan ajratishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro hamjamiyatda keng norozilik uyg‘otgan.

“Bundan tashqari, Isroil parlamenti (Knesset) xalqaro huquqni buzgan holda BMTning Falastin qochqinlariga yordam beruvchi agentligi faoliyatini taqiqlovchi qonunlar qabul qilmoqda, G‘azo va G‘arbiy sohilda gumanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilmoqda, Falastin yerlarini egallab olyapti va ularni anneksiya qilishga qaratilgan qarorlar chiqarmoqda”, deydi u.

Kurtulmush, shuningdek, butun dunyoda Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Isroil hukumatining shafqatsiz harakatlariga qarshi norozilik kuchayayotganiga e’tibor qaratgan.

“Tili, dini, irqi yoki geografik joylashuvidan qat’i nazar insoniyat bu qotillar to‘dasiga qarshi o‘z ovozini ko‘tarmoqda. Sionistik Isroil deyarli barcha mamlakatlar va poytaxtlarda qoralanyapti. Shu sababli, hatto yaqindagina sukut saqlagan yoki Isroilni qo‘llab-quvvatlashga urinib kelgan G‘arb hukumatlari va parlamentlari ham bunga munosabat bildiradigan bo‘ldi. Bir qator G‘arb hukumatlari kelasi oy Falastinni tan olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. To‘liq bo‘lmasa ham ko‘plab G‘arb mamlakatlari Isroilga qarshi sanksiyalar joriy qilishga tayyorlanyapti. Bundan tashqari, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari Turkiya bilan bir qatorda bu masalada yetakchi rol o‘ynamoqda. Dunyo mamlakatlari parlamentlarida Isroilga qarshi samaraliroq sanksiyalar joriy etish talabi tobora kuchayib bormoqda”, deydi u.

Turk spikerining aytishicha, hatto AQSH Kongressida ham G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yordamni to‘sib qo‘yish siyosatini bekor qilishni talab qilayotgan a’zolar soni ortib bormoqda.

“Biz genotsid va anneksiya siyosatiga qarshi turish, shuningdek, insoniyat frontini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p qirrali va keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimizni, jumladan, parlament maydonida davom ettirishimiz kerak. Genotsid sodir etgan Netanyaxu va uning to‘dasini xalqaro maydonda yanada yakkalash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim”, deydi u.

Shuningdek, Kurtulmush Turkiya Falastin xalqining kurashini erkin va suveren Falastin davlati tuzilguniga qadar qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan mamlakat Isroil bilan barcha iqtisodiy va savdo munosabatlarini to‘xtatgani hamda o‘z havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopganini ma’lum qilgandi.  Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Isroil ikki yildan beri G‘azoda “genotsid” sodir etish bilan bir paytda xalqaro huquqni qasddan buzib kelmoqda. Turkiya o‘ziga hamfikr bo‘lgan davlatlarni Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘liq to‘xtatish va savdoni butunlay uzishga chaqirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Isroil G'azo No'mon Kurtulmush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing