Kurskda Ukraina qo‘shinlari qurshab olingani yo‘q – Zelenskiy
Olam
−
16 mart
6379Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida Ukraina kuchlarining operatsiyasi davom etmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 15 mart kuni Telegram-kanalida aytib o‘tdi.
Ukraina Prezidenti Ukraina Qurolli kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning hisobotini tingladi va Kursk viloyatida Ukraina qo‘shinlari qurshab olingani yo‘qligini yana bir bor ma’lum qildi.
“Kursk viloyatining ayrim hududlarida qo‘shinlarimiz operatsiyasi davom etmoqda. Bo‘limlar vazifalarni kerakli darajada bajaradi. Kursk viloyatidagi Ukraina kuchlari tufayli Rossiya qo‘shinlarining katta qismi boshqa yo‘nalishlardan tortib olindi. Bizning qo‘shinlarimiz Kursk viloyatida Rossiya va Shimoliy Koreyaning tegishli guruhlarini ushlab turishda davom etmoqda. Bizning qo‘shinlarimiz qurshab olinmagan”, dedi Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti Rossiya qo‘shinlarining sharqiy chegarada to‘planganiga ham e’tibor qaratdi.
“Shuningdek, biz Ukraina bilan sharqiy chegaramiz bo‘ylab yo‘nalishlarni ko‘rmoqdamiz, u yerda Rossiya armiyasi kuchlarni to‘playdi. Bu Sumi viloyatiga zarba berish istagidan dalolat beradi. Biz buni tushunamiz va bunga qarshi turamiz. Men barcha hamkorlar Putin (Rossiya Prezidenti Vladimir) aynan nimani rejalashtirayotganini, nimaga tayyorlanayotganini va nimani e’tiborsiz qoldirishini tushunishlarini istardim”, deb ta’kidladi u.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya qo‘shinlarining to‘planishi Moskva diplomatiyaga e’tiborsizlik qilishda davom etish niyatida ekanligini ko‘rsatadi”.
”Rossiyaning urushni uzaytirishi aniq. Biz hamkorlarimizga frontdagi, Kursk viloyatidagi va chegaradagi vaziyat to‘g‘risida barcha real ma’lumotlarni taqdim etishga tayyormiz”, deb qo‘shimcha qildi u.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, 1000 km masofada “Uzoq Neptun” raketasidan muvaffaqiyatli jangovar foydalanilgani haqida ham ma’lum qildi.
“Bugun bizning raketa dasturimiz haqida ham xabarlar bo‘ldi. Muhim natijalar mavjud. "Uzoq Neptun" sinovdan o‘tkazildi va janglarda muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Yangi Ukraina raketasi, aniq zarba. Masofa ming kilometr”, dedi u.
Qayd etish joiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham 14 mart kuni Kursk viloyatidagi vaziyatni sharhlab, Truth Social'da post qoldirgandi.
“Ayni damda minglab ukrainalik askarlar Rossiya armiyasi tomonidan to‘liq qurshab olingan va ular juda yomon va himoyasiz ahvolda. Men Prezident Putindan ularning hayotini saqlab qolishni qattiq iltimos qildim. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan dahshatli qirg‘in bo‘lardi. Barchasini xudo qo‘llasin”, deb yozdi u.
Bunga javoban Vladimir Putin Kursk viloyatida qurolini tashlab, taslim bo‘lgan ukrainalik askarlarga hayot va harbiy asir sifatida muomala qilish kafolatlanishiga va’da berdi. Bungacha esa Putin Kursk viloyatiga tashrifi chog‘ida u yerda qo‘lga olingan ukrainalik harbiylarga terrorchi sifatida munosabatda bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Vladimir Zelenskiy esa 14 mart kuni Kiyevda jurnalistlarga Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi operatsiyasi “o‘z vazifasini bajargan”ini aytdi.
LiveBarchasi