Qozoq sportchilarining Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokidan To‘qayevning ko‘ngli to‘lmadi

Sport

1697007354_KZ2_6517_2

Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart To‘qayev shu yilning 23 sentyabridan 8 oktyabriga qadar Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini qabul qildi va oxirgi yillarda qozoq sportidagi o‘zgarishlar, kamchiliklar va kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan bayonot berdi

Davlat rahbari Osiyo o‘yinlari sovrindorlari bilan uchrashuvda qozog‘istonlik sportchilarning erishgan natijalarini yuqori baholadi, biroq natijalar yanada yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi. 

Qozog‘istonlik sportchilar qit’aning eng nufuzli sport turnirida 10 oltin, 22 kumush va 48 bronza, jami 80 ta medalni qo‘lga kiritdi, biroq bu ko‘rsatkich Qozog‘istonning Osiyo o‘yinlaridagi eng yomon natijasi hisoblanadi.  Medallar hisobida Qozog‘iston kuchli o‘nlikka kira olmadi va 11-o‘rinni egalladi. 

“Umuman olganda, mamlakatimizning avvalgi Olimpiya o‘yinlaridan ham, Osiyo o‘yinlaridan ham ko‘rsatkichi yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Bu masalalarni hali muhokama qilamiz. Boks, og‘ir atletika, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha ishtirok etgan sportchilarimizning ko‘proq medal jamg‘arishda hissasi katta. Yengil atletika va jamoaviy sport turlari ham muxlislarimizni xursand qildi. Ko‘plab sport turlarida qilingan xatolar ustida jiddiy ish olib borishimiz kerak”, deydi To‘qayev. 

Shuningdek, To‘qayev tadbirda mamlakat Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va sport federatsiyalari faoliyatini tanqid ostiga oldi. 

“Professional sportdagi natijalarimiz davlat resurslaridan foydalanish samaradorligi nihoyatda pastligidan dalolat beradi. Bu holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, sohada tub islohotlarni amalga oshirish zarur. Tegishli vazirlik vaziyatni atroflicha tahlil qilib, rivojlanish bo‘yicha yangi qarashlarni ishlab chiqishi kerak. Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va federatsiyalar o‘rtasida muvofiqlashtirish yo‘q. Sportni boshqarish institutlari faoliyati va o‘zaro hamkorligining butun tizimini imkon qadar tezroq qayta ko‘rib chiqish zarur. MOQ faoliyatini ham takomillashtirish. e’tiborni talab qiladi”, deydi prezident

Qozog‘iston Prezidenti yaqin kelajakda mamlakat sportida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlarga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda, elita sportiga ajratilayotgan mablag‘lar daromadini tubdan oshirish zarur. Hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aniq sport turlariga e’tibor qaratish kerak. Bundan tashqari, u ayni paytda sohani moliyalashtirish modelini qayta ko‘rib chiqish, asosiy e’tibor ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirishga qaratilishini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Osiyo o'yinlari Milliy Olimpiya qo'mitasi Qosim Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing