Ko‘pxotinlilik va yuzni to‘sib yurganlik uchun jarima belgilandi

Jamiyat

image

Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 31 oktyabr kuni imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra ko‘p xotinlilik va yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni kiyganlik uchun jarima belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. 

Unga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirganlik uchun BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan, 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi. 

Shuningdek, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish ham BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Ushbu holatdan tibbiy ruxsatnoma mavjudligi, xodimning ishi ushbu vaziyatni taqozo etishi kabi ba’zi istisnolar mavjud. 

Ma’lumot uchun, bir necha oy oldin deputatlar tomonidan Oliy majlisda muhokamaga qo‘yilgan ushbu qonunni senat tasdiqlagandi. Qonun Prezident tasdiqlagandan so‘ng, bugun, 1 noyabrdan boshlab rasman kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov ayollarning burqada yurishi bo‘yicha fikr bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

ko'pxotinlilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing