Kumushdan tortib Alpomishgacha: sun’iy intellekt o‘zbek adabiyoti qahramonlarining qiyofalarini yaratdi
Bu qiziq
−
28 mart 2023
14614So‘nggi vaqtlarda jadallik bilan o‘sib borayotgan sun’iy intellekt texnologiyasi ko‘plab yangi imkoniyatlarni yaratdi. Jumladan, uning vositasida, badiiy asarlar qahramonlariga berilgan ta’riflar asosida ularning hayotiyga juda yaqin bo‘lgan suratlari yaratilmoqda. Kuni kecha Midjourney Artificial Intelligence mustaqil tadqiqot laboratoriyasi tomonidan shunday suratlardan bir nechtasi e’lon qilindi.
Twitter ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbek segmentida, ayniqsa, Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romani qahramonlarining sun’iy intellekt yordamida yaratilgan siymolari katta qiziqish bilan kutib olindi. Tarmoqda asar bosh qahramonlari – Otabek, Kumush va Zaynabning suratlari tarqaldi.
Romanda Otabekka shunday ta’rif beriladi: "Og‘ir tabiatlik, ulug‘ g‘avdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit. Bas, bu hujra bino va jihoz yog‘idan, ham ega jihatidan diqqatni o‘ziga jalb etarlik edi. Qandog‘dir bir xayol ichida o‘lturg‘uchi bu yigit Toshkandning mashhur a’yonlaridan bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li – Otabek".
Kumushning qiyofasi tasviri quyidagicha: "Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilganda, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi... qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilganda, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylanganda, kimdandir uyalg‘an kabi... Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi. Sariq rupoh atlas ko‘ynakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoqda edi. Turib o‘lturgach boshini bir silkitdida, ijirg‘anib qo‘ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib jonso‘z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko‘ringan malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi".
Kumushning kundoshi Zaynab obrazi esa shunday tasvirlanadi: "Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va oq tanlik edi. Xushro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va o‘nta so‘zga arang bitta javob qaytaradirg‘an edi. Xushro‘yning ko‘zi o‘ynab, har sekuntda o‘n yoqqa alang‘lar edi. Singlisi bo‘lsa birav bilan betma-bet kelib so‘zlashqanida ham ko‘zini hamisha bir nuqtadan uzmas edi".
Twitter foydalanuvchilari asar qahramonlarining sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlari yuzasidan turli fikrlarni bildirdi. Kimdir suratlar juda hayotiy chiqqanini yozgan bo‘lsa, boshqalar ularni qaysidir mashhur aktyorga o‘xshatdi. Xususan, dastlab, Prezident Administratsiyasi Aloqa va axborot siyosati bo‘limi yetakchi maslahatchisi Hikmatilla Ubaydullayev o‘z sahifasida Kumushning suratini ulashdi. Jurnalist va bloger Aziza Qurbonova esa uni Yoshlar ishlari agentligi rahbari o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonovaga o‘xshatgan.
Abdulaziz ismli foydalanuvchi asarda berilgan ta’riflar uning suratidan ko‘ra go‘zalroq ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, boshqa foydalanuvchilar suratdagi Kumushning xoli yo‘qligiga e’tibor qaratgan.
Otabekning suratini esa Ahmad Sobitov ismli foydalanuvchi joylagan.
Temurbek Toshtemirov surat ostida qoldirgan izohida uni aktyor Behzod Muhammadkarimovga o‘xshatgan. Boshqa foydalanuvchilar uni yana bir aktyor Jyud Louga qiyoslagan bo‘lsa, ba’zilar, hatto, suratda Abdulla Qodiriyning o‘zini ko‘rgan.
Otabekning surati ostidagi izohlarda asar bosh qahramonlaridan biri Zaynabning ham surati keltirilgan.
Sun’iy intellekt "ijodi"dagi suratlardan yana biri mashhur doston qahramoni Alpomish. Zamonaviy texnologiya yordamida uning 7 yoshdagi siymosi yaratilgan.
Shuningdek, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, "Midjourney" sun’iy intellekti yordamida yangi loyiha yo‘lga qo‘yilgan. Unda ushbu zamonaviy usul orqali Bobur xotiralari tasvirlanmoqda. Quyida suratlardan bir nechtasini taqdim etamiz:
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi