Kulga aylangan Los-Anjeles (fotoreportaj)
Olam
−
12:29
6181Bir necha kundan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlaridan so‘ng Los-Anjelesning katta qismi yonib kulga aylandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 11 kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ziyod bino vayron bo‘lgan.
Los-Anjeles aholisi shahar atrofidagi holatni “dahshat va umidsizlik” so‘zlari bilan tasvirlamoqda. Yong‘in yetib borgan joylar butunlay kulga aylangan. Bu esa tarixiy Drezdenni ittifoqchilarning bombardimonlaridan keyingi holatiga qiyoslanmoqda.
Ikkita eng yirik yong‘in o‘chog‘i hanuzgacha o‘zining halokatli ta’sirini ko‘rsatmoqda va hozirgacha 10 mingdan ortiq binolar – uylar, kinostudiyalar, do‘konlar va boshqa inshootlarni vayron qilgan. Yong‘inlar keltirgan zararning umumiy ko‘lamini aniqlashning iloji yo‘q, chunki ofat hali ham davom etmoqda. Ertaga, 12 yanvar kuni esa shamolning kuchayishi kutilmoqda, bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.
Yong‘in qurbonlari soni rasman 11 kishiga yetdi. Moddiy zararning bahosi kundan-kunga o‘sib bormoqda va bu ko‘rsatkich Kaliforniya tarixidagi eng katta rekordga yaqinlashmoqda. Shunga qaramay, mahalliy sug‘urta kompaniyalari tovon pulini to‘lashdan qochish uchun turli bahonalar qidirmoqda va o‘z bizneslarini boshqa shtatlarga ko‘chirish haqida o‘ylamoqda.
Politsiya bir necha talonchilarni qo‘lga olgan. Ular qimmatbaho uylar xarobalarida o‘g‘irlik qilishga uringan. Shuningdek, bir kishi qasddan yong‘in chiqarishda gumon qilinib hibsga olingan. Shaharda yong‘inlarni ataylab keltirib chiqarayotgan jinoiy guruhlar faoliyat yuritayotgani haqidagi mish-mishlar keng tarqalmoqda.
O‘t o‘chiruvchilar suv tanqisligi tufayli yong‘inlarga qarshi samarali chora ko‘ra olmayapti. Federal hokimiyatlar hozirda gidrantlarda suvning tez tugash sabablarini aniqlashga urinmoqda. Shunday sharoitda yong‘in hali ham o‘zining halokatli yo‘lini davom ettirmoqda.
LiveBarchasi