Ko‘ksaroyda Mirziyoyev va Berdimuhamedovning muzokaralari boshlandi
Jamiyat
−
17 noyabr 2025 2154 2 daqiqa
O‘tgan 2024 yilda O‘zbekiston va Turkmaniston orasidagi tovar ayirboshlash 1 mlrd dollardan oshdi. Bu haqda bugun, 17 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida boshlangan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi rasmiy tadbirlar davomida ma’lum qilindi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov birgalikda suratga tushgach, tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ushbu davlat tashrifi so‘nggi yillarda namunali tus olgan O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.
Barcha sohalarda erishilayotgan ijobiy sur’at va faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, shuningdek, madaniy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Tashrif arafasida Urganch hamda Toshkentda o‘tkazilgan Turkmaniston madaniyati kunlari va filmlari namoyishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashish hajmi ortib bormoqda, jumladan, Turkmanboshi portidan foydalanish faollashgan. Muzokaralarda o‘zaro savdoni ko‘paytirish va sanoat, energetika, transport, mashinasozlik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida samarali kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlararo almashinuvlarni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov kecha, 16 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi. U Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Live
Barchasi