Maslahat uchrashuvi “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantiriladi

Jamiyat

image

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchrashuvlar formati “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantiriladi. Bu tashabbusni bugun, 16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘zining raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surdi.

“Hamkorlik mexanizmlari va shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish prinsipial ahamiyatga egadir. Uchrashuvlarimizni mintaqaviy muloqotning maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. 

Ushbu maqsad yo‘lida formatimiz institutsional va tashkiliy asoslarini izchil mustahkamlashni nazarda tutadigan Maslahat uchrashuvlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish, rotatsiya asosida faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarishni taklif etamiz”, dedi Mirziyoyev.

Bundan tashqari, u xalq diplomatiyasi sohasidagi qadriyat va an’analarga tayangan holda, boy hayotiy tajriba va obro‘-e’tiborga ega jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzishni maqsadga muvofiq, deb hisoblashini bildirdi. 

“Bu mamlakatlarimizda avlodlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, shuningdek, umummintaqaviy hamjihatlik va o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham sammitda so‘zga chiqar ekan, Shavkat Mirziyoyev tomonidan formatning institutsional asoslarini mustahkamlash bo‘yicha bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“O‘ylaymanki, biz ushbu masalalarni ishchi tartibda muhokama qilib, tegishli takliflarni qonunchilik yoki shartnomaviy tartibda tasdiqlashga erishishimiz mumkin”, dedi Qozog‘iston rahbari.

Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi. Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentlar quyidagi muhim hujjatlarni imzoladi:

  • Qirg‘iz Respublikasining 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga nomzodi yuzasidan BMTga a’zo davlatlarga murojaat;
  • Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror;
  • Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi;
  • Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan choralar.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing