Ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash 10 tadan 9 ta holatda tuzalish imkonini beradi
Salomatlik
−
22 Oktabr
2514Ko‘krak bezi saratonining erta – birinchi-ikkinchi bosqichlarida 10 tadan 9 ta holatda xastalikdan xalos bo‘lish imkoni mavjud. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Lola Alimxo‘jayeva ma’lum qildi va ushbu xastalikning oldini olish va samarali davolash yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 2,3 milliondan ortiq ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yiladi. Shunga qaramay, rivojlangan mamlakatlarda 40 yoshdan oshgan ayollar o‘rtasida bu kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichini 90 foizga kamaytirishga erishilmoqda.
Ammo ba’zi kam daromadli davlatlarda ushbu xastalikdan omon qolish darajasi 50 foiz va undan kam. Vaholanki, BMT 2040 yilga kelib, ko‘krak bezi saratonidan 2,5 million nafar ayolning hayotini saqlab qolish tashabbusini ilgari surgan.
Mutaxassisga ko‘ra, bu patologiya asosan 45-65 yoshda rivojlanadi. Shu sababli ayni yoshdagi ayollarni rejali mammografik tekshiruvlardan o‘tkazib turish zarur.
Bildirilishicha, O‘zbekistonda ham ushbu yo‘nalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida mamlakat bo‘ylab 45-65 yoshdagi ayollar ko‘krak bezi saratoni skriningidan o‘tkazilishi belgilangan.
Shunga muvofiq, har yili 1,5 millionga yaqin 45-65 yoshdagi ayollarni shunday tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari ko‘rilmoqda.Chunki ko‘krak bezi saratonini vaqtida aniqlash orqali bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Shuning uchun shifokorlar 50 yoshdan oshgan ayollarga har yili mammografiyadan o‘tishni tavsiya qiladi.
O‘zbekistonda ushbu yosh toifasidagi qariyb 3 million ayol istiqomat qiladi. Bu xastalikning tarqalish ko‘rsatkichi har 100 ming nafar aholiga nisbatan 12 nafarni tashkil etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ko‘krak bezi saratonining erta – birinchi-ikkinchi bosqichlarida 10 tadan 9 ta holatda xastalikdan xalos bo‘lish imkoni bo‘ladi.
Shu bois mammografik tekshiruvlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 17-maqsadida ham alohida chora-tadbirlar belgilangan.
Bunga ko‘ra, ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash tizimi joriy qilinib, tuman tibbiyot birlashmalari 14 ta mammograf uskunasi bilan jihozlanadi va ular respublika yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi.
Mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun 4 ta vrach radiolog va 175 ta rentgen-laborantlar uchun shtat birliklar ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Grija” xuruj qilganda uqalash muolajasini amalga oshirish mumkin emasligi va shu borada bir qator maslahatlar berilgandi.