Ko‘chirmakashlik qilgan choy korxonasi jarimaga tortildi
3-sahifa
−
28 avgust
6370“And Zamin Tea” choy ishlab chiqaruvchi korxonaning tovar belgisi “Max-Tea” mas’uliyati cheklangan jamiyatga o‘xshash ekanligi aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2024 yil 9 avgustda “Max-Tea” MCHJning murojaati asosida faoliyati choy mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi “Max-Tea” va “And Zamin Tea” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘rtasidagi tovar belgisi bilan bog‘liq bo‘lgan nizoni ko‘rib chiqqan.
Xususan, mazkur ishda choy ishlab chiqaruvchi “And Zamin Tea” MCHJ o‘zining ikki turdagi mahsulotlarini “BEKOY-TEA” tovar belgisi ostida fuqarolik muomalasiga kiritganligi, biroq, mazkur mahsulotlarning qadoqlanishi aynan “Max-Tea” MCHJ tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan “BEGOYIM” tovar belgisi bilan o‘xshash ekanligi aniqlangan. Ya’ni, ko‘k va qora choylarning qadog‘idagi tovar belgilarining turlari va shakllarining uyg‘unligi hamda ularning qadoqdagi joylashgan joylari iste’molchilarni adashtirish darajasida bir-birini takrorlagan.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish taqiqlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 dekabrdagi 694-sonli qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasi”ning 6-bandidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovar, ish va xizmatlarning tashqi bezatilishi va shakli, nomi, tamg‘alanishi, etiketkasi, o‘rovi, ranglar uyg‘unligini takrorlash orqali raqobatchi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan tovarni fuqarolik muomalasiga kiritish insofsiz raqobat belgilaridan biri deb belgilangan.
Ishni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi “And Zamin Tea” MCHJni O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasini buzgan deb topib, unga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real agro cotton” UKga manipulyatsiya harakatlari sodir etganligi uchun tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgandi.
LiveBarchasi