“Ot izini toy bosar”. Qamalgan “avtoritet”lar o‘rnini kim bosar?
Jamiyat
−
13 dekabr 2023
20003Kecha, 12 dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev shov-shuvli tarzda qo‘lga olingan, jinoiy guruhlar haqida bir qancha savollarga javob berdi. Jumladan, Toshxo‘jayevga ushlangan “ko‘cha bolalari”ning o‘rnini yangilari egallashi mumkinligi haqida savol ham berildi.
Ushbu savolga IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari quyidagicha javob berdi.
“Ularning o‘rnini yangilari egallamasligi biz va sizni qo‘limizda. Hamma fuqarolar e’tiborli bo‘lishi juda muhim. Ko‘chada kimdir urishayotganini ko‘rib, “102” ga qo‘ng‘iroq qilishi kerak. Nima holat bo‘lishidan qat’iy nazar bu kabi holatlarga bee’tibor bo‘lmaslik juda muhim. Fuqarolarning yordamisiz jinoyatchilikka qarshi kurashib bo‘lmaydi. Bezorilik, tovlamachilik umuman har qanday jinoyatga guvoh bo‘lgan odam vaqtida ichki ishlar organlariga murojaat qilsagina biz jinoyatchilik va jinoyatchilar bilan kurasha olamiz. Ana shunda ular qo‘lga olinganlarning o‘rnini egallamaydi”, deydi IIBB mas’uli.
Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, huquq tartibot idoralari ularning o‘rniga boshqalar o‘tirmasligini doimgidan ham qattiq nazorat qiladi.
“Yana qayta aytaman bu holatda fuqarolarimizning ko‘magiga muhtojmiz”, deydi Toshxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Doniyor Toshxo‘jayev qo‘lga olinganlarning amaldorlar bilan aloqalari haqida hozircha ma’lumot yo‘qligini aytgandi. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari va tumanlardagi “kriminal avtoritet”lar yoki “smotryaiy”lar orasida qandaydir bog‘liqlik holatlari aniqlangan taqdirda, IIO xodimlari ayab o‘tirilmasdan jazolanishini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi