Kubada blekaut: mamlakat yana zulmatda qoldi
Olam
−
20:32 689 2 daqiqa
Kecha, 6 iyul kuni Kubada butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi uzilib, oqibatda qariyb 10 million aholi elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatning davlatga qarashli Unión Eléctrica energetika kompaniyasi elektr uzilishi yuz berganini tasdiqlab, X’da hodisa sabablari o‘rganilayotganini qo‘shimcha qilgan. Kubaning Energetika va konchilik vazirligi esa elektr ta’minotini bosqichma-bosqich tiklash ishlari boshlanganini bildirgan.
Rasmiylarga ko‘ra, mamlakatda yanvar oyidan buyon yonilg‘i tanqisligi kuzatilmoqda. O‘shanda AQSH Prezidenti Donald Tramp Kubaga neft yetkazib beruvchi davlatlarga nisbatan tariflar joriy etish bilan tahdid qilgandi, oqibatda bu mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy holatini yanada kuchaytirgan. Yonilg‘i inqirozi sabab orolda jamoat transporti faoliyati keskin qisqargan, shuningdek, shifoxonalarda o‘n minglab rejalashtirilgan operatsiyalar bekor qilingan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Kuba ichki ishlab chiqarish hisobiga o‘zining yonilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini atigi 40 foizini qoplay oladi. Mart oyida Rossiyadan yetkazib berilgan 730 ming barrel neft zaxirasi esa aprel oxiriga borib tugagan.
Mamlakatda so‘nggi oylarda elektr energiyasi bilan bog‘liq uzilishlar muntazam kuzatilmoqda. May oyida yirik avariya Kubaning sharqiy viloyatlariga ta’sir qilgan bo‘lsa, mart oyida ikki marta butun mamlakat elektr ta’minotisiz qolgan edi. O‘shanda uzilishlardan biri Nuevitas issiqlik elektr stansiyasidagi generator nosozligi sabab yuz bergandi.
Davom etayotgan iqtisodiy inqiroz fonida Kuba hukumati iyun oyida keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni boshladi. Parlament so‘nggi 65 yil ichidagi eng yirik xususiylashtirish dasturini ma’qullab, xususiy biznes va banklar faoliyatini kengaytirishga ruxsat berdi.
Prezident Migel Dias-Kanel mazkur islohotlar AQSH bilan olib borilayotgan muzokaralarga bog‘liq emasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel hamda unga aloqador shaxslar va kompaniyalar kiritgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi