“Krokus” teraktida ayblangan 4 tojikistonlikning hibsda qolish muddati uzaytirildi
Olam
−
17 avgust
7352Kecha, 16 avgust kuni Moskvaning Basmanniy sudi “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar Tojikiston fuqarosini hibsda saqlash muddatini uzaytirdi. Bu haqda Moskva shahar umumiy yurisdiksiya sudlari xabar bermoqda.
Sud yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Tergov organlarining iltimosiga binoan Muhammadsobir Fayzov, Dalerjon Mirzoyev, Murodali Rachabalizod va Fariduni Shamsiddinni hibsda saqlash muddati yana uch oyga – 2024 yil 22 noyabrga qadar uzaytirildi.
Yuqoridagi shaxslar teraktning bevosita ijrochilari deb hisoblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum joriy yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.
Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.
"Kommersant"ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan.