“Krokus” ishi bo‘yicha ayblanayotgan tojikistonliklarning hibsdagi muddati uzaytirildi

Olam

image
“Krokus” ishi bo‘yicha yana 4 gumonlanuvchiga qo‘yilgan ayblov o‘zgartirildi north_east

“Krokus” ishi bo‘yicha yana 4 gumonlanuvchiga qo‘yilgan ayblov o‘zgartirildi

Moskva shahar sudi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha asosiy ayblanuvchi bo‘lgan to‘rt nafar Tojikiston fuqarosini hibsda saqlash muddatini 3 oy 28 kunga uzaytirdi. Bu haqda Moskva shahar umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmatiga tayanib “Asia-Plus” xabar berdi.

“Moskva shahar sudi qarori bilan tergovchilarning iltimosnomasi qanoatlantirilib, sudlanuvchilarning har biri: Fariduni Shamsiddin, Murodali Rachabalizod, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzovlarning hibsda saqlash muddati 3 oy 28 kunga uzaytirildi”, deyiladi matbuot xizmatining xabarida.

Aynan mana shu to‘rt nafar Tojikiston fuqarosi teraktning bevosita aybdorlari sanaladi. Ularning barchasi Rossiya hududidagi terrorchilar va ekstremistlar reestriga kiritilgan.

Avvalroq sud Krokusdagi terakt ishi bo‘yicha ayblanuvchilarning hibsda saqlash muddatini bir necha bor uzaytirgan edi. Bu ishda jami 27 kishi ayblanmoqda. 

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum o‘tgan yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘lgandi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.

1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.

Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.

“Kommersant”ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvaning Basmanniy tuman sudi “Krokus Siti Holl” konsert zalida terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar shaxsni hibsda saqlash muddatini uzaytirgandi. Sud tergov organlarining iltimosnomasini qanoatlantirgan va Murodali Rachabalizod, Muhammadsobir Fayzov, Fariduni Shamsiddin, Dalerjon Mirzoyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 3 oyga, jami 10 oy 28 sutkaga uzaytirgan. Sudlanuvchilarning to‘rt nafari ham 2025 yilning 22 fevraliga qadar hibsda bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

tojikistonliklar Krokus ishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing