“Krokus” ishi bo‘yicha yana 4 gumonlanuvchiga qo‘yilgan ayblov o‘zgartirildi
Olam
−
21 noyabr
8398Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha to‘rt nafar gumonlanuvchiga qo‘yilgan ayblov o‘zgartirildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Gap Isroil, Aminjon va Dilovar Islomovlar, shuningdek, Alisher Qosimov haqida ketmoqda. Ular Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi (Terrorchilik faoliyatini targ‘ib qilish) 3-qismi bilan ayblangan. Ushbu moddada ayblanayotgan shaxslar 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ilgari yuqoridagi barcha shaxslar ushbu kodeksning 205-moddasi (Odam o‘limiga olib kelgan terrorchilik harakati) 3-qismining “b” bandi bo‘yicha ayblangandi. Ushbu moddaga ko‘ra, jazo bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan 15 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Islomov va uning ikki o‘g‘li Dilovar va Aminjon terrorchilarning niyatidan xabari bo‘lgan. Shuningdek, ular ayblanuvchilarga terakt sodir bo‘lgan kuni haydagan va Bryansk viloyatida qo‘lga olingan Renault rusumli avtomashinani sotib yuborgan. Qosimov Putilkovodagi kvartirani terrorchilarga ijaraga bergan. Sud majlisida u ular bilan reklama sayti orqali tanishganini aytgan. Ular uyga ko‘chib o‘tganlarida o‘zlarini quruvchi deb tanishtirgan.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum joriy yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.
1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.
Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.
“Kommersant”ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvaning Basmanniy tuman sudi “Krokus Siti Holl” konsert zalida terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar shaxsni hibsda saqlash muddatini uzaytirgandi. Sud tergov organlarining iltimosnomasini qanoatlantirgan va Murodali Rachabalizod, Muhammadsobir Fayzov, Fariduni Shamsiddin, Dalerjon Mirzoyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 3 oyga, jami 10 oy 28 sutkaga uzaytirgan. Sudlanuvchilarning to‘rt nafari ham 2025 yilning 22 fevraliga qadar hibsda bo‘ladi.
LiveBarchasi