“Krokus”da terakt uyushtirganlar Tojikiston fuqarolari ekani aytilmoqda
Olam
−
23 mart
29322"Krokus Siti Holl"da otishma sodir etganlikda gumon qilingan olti nafar terrorchidan to‘rttasining shaxsi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda "Baza" Telegram-kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, ularning barchasi Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Jumladan, teraktda ishtirok etganlar:
- Nasridinov Maxmadrasul – 37 yosh
- Usmonov Rivojidin – 51 yosh
- Safolzoda Shoxinjon – 21 yosh
- Nazarov Rustam – 29 yoshda ekani aytilyapti.
Ulardan qaysi biri qo‘lga olingani hozircha ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida uch kishi bo‘lgan qurollangan shaxslar o‘t ochgan. Ayni vaqtgacha qurbonlar soni 80 dan oshdi.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Hozirda teraktdan keyin shifoxonalarda 110 nafar kattalar va 5 nafar bola yotibdi, 60 nafar kattalarning ahvoli og‘ir. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.
LiveBarchasi