Kreml Putin qatnashishi mumkin bo‘lgan saylovga tayyorgarlik boshlagan – OAV
Olam
−
27 dekabr 2021
5095Kreml 2024 yilga belgilangan Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Bu haqda RBK batafsil muhokamadan xabardor manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Suhbatdoshlarga ko‘ra, joriy yilning yozidan boshlab tayyorgarlik muhokama qilinmoqda. Prezidentlik saylovi masalasi ko‘tarilgan yig‘ilishlarda Rossiya Federatsiyasining amaldagi Prezidenti Vladimir Putinning saylovoldi tashviqoti ehtimoli haqida so‘z borgan.
“Ma’lum bir nomzod bilan kampaniya muhokama qilinmoqda. Hozirda boshqa variantlar yo‘q”, deb ta’kidlagan suhbatdosh.
Biroq, boshqa ikki manbaning qayd etishicha, Kreml hech qachon Putinning yangi muddatga o‘tishi yoki o‘ta olmasligini aniq aytmagan.
Joriy yilning noyabr oyi oxirida Putin 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etish to‘g‘risida hali qaror qabul qilmagani xabar qilingan. Davlat rahbari o‘zining qayta saylanishini “Rossiya uchun maqsad” deb hisoblashdan bosh tortgan, biroq uning qayta saylanish huquqiga ega bo‘lishining o‘zi mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning aprel oyida o‘ziga yana ikki muddat davlat rahbari lavozimini egallash huquqini beruvchi qonunni imzolagandi. Qonun loyihasida prezidentlikka nomzodlar uchun qo‘yiladigan talablar ham ko‘rsatilgan. Shunday qilib, ushbu lavozimga kamida 35 yoshda bo‘lgan, Rossiyada kamida 25 yil doimiy yashagan va hech qachon chet el fuqaroligi yoki yashash uchun ruxsatnomasini olmagan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi da’vo qilishi mumkin.
Rossiyada so‘nggi prezidentlik saylovi 2018 yilda bo‘lgan va unda amaldagi Prezident Vladimir Putin 76,69 foiz ovoz bilan g‘olib chiqqan. Bungacha Putin 2000, 2004 va 2012 yilgi saylovlarda qatnashib g‘alaba qozongan. Aprelda qabul qilingan qonundan so‘ng, unda 2024 va 2030 yilgi Rossiya prezidentligi uchun saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Birgina Dmitriy Medvedevning 2008-2012 yillardagi rahbarligi hisobga olinmasa, Vladimir Putin 1999 yildan to hozirgi vaqtga qadar dunyodagi eng yirik davlatni boshqarib kelmoqda.
LiveBarchasi