Kreml: “Kiyev olov bilan o‘ynashyapti”

Olam

image

Kiyevning Donbassda jangovar harakatlarga kirishi Ukraina tugashining boshlanishi bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Nikolayevich Kozak ma’lum qildi.

Kozakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mojaroning ko‘lamiga qarab Donbassdagi fuqarolarini himoya qilishga majbur bo‘ladi. 

Foto: Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozak

Shuningdek, Kozak AQSH Zelenskiyni Donbassdagi mojaroni avj oldirishga undamayotganini taxmin qilgan.

Kozak Zelenskiyning Donbassga tashrifi haqida ham fikr bildirgan.

“Prezident Zelenskiyning Donbassga safari Ukrainaning sharqidagi vaziyatni keskinlashtirmaydi, ammo Kiyev “olov bilan o‘ynashyapti”, deydi Kozak.

Avvalroq, Zelenskiyning Donbassga tashrif buyurish va u yerda ukrainalik harbiylar bilan uchrashish niyatida bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
 
Kremlning rasmiy vakili Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Donbass masalasi bo‘yicha muzokaralarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Unga ko‘ra, Rossiyaning Donbass bo‘yicha muzokaralarni ochiq va oshkora o‘tkazish haqidagi taklifi Kiyevni jazavaga solgan.

“Donbass bo‘yicha muzokaralardagi maxfiylik Kiyevga o‘z yo‘nalishida davom etish va fuqarolariga noto‘g‘ri ma’lumot berish uchun zarur”, deydi Kozak.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev Donbassda urush bo‘lishini istamasligini, biroq Ukraina armiyasiga hujum qilish xavfi bo‘lgan taqdirda Ukraina Donbassda o‘q uzishini aytgandi.

Hududdagi vaziyatning keskinlashuvi fonida bir qator davlatlar, xususan Fransiya va Germaniya xavotirga tushgan bo‘lsa, AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Siyosiy ekspertlar esa Donbassdagi vaziyatning keskinlashuvini Ukrainaning so‘nggi paytlardagi NATOga qo‘shilish tomon faol harakatlari bilan bog‘lamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan.  Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

538

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing