Kreditlarning o‘sishi o‘tgan yilgidek bo‘lmaydi – Markaziy bank raisi

Intervyu

Markaziy bank asosiy stavkasining 1 foizga tushirilgani sababli inflyatsiyadan xavf-xatar kamroq baholanmoqda. Pandemiya ortidan kelgan iqtisodiy inqiroz sababli 30 trillion so‘m mablag‘lar revolver kreditlarga yo‘naltiriladi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov davletovuz’ ga bergan intervyusida aytib aytib o‘tgan.  

“Ayni kunlarda ishlab chiqarishlarning bir qismi to‘xtab turibdi. Bu sharoitda biz inflyatsiyaning bir foiz kamayishini kutyapmiz. Shu nuqtai-nazardan ham foiz stavkamizni kamaytirishni amalga oshirdik. 

Faol kredit siyosatiga to‘xtalsak, bu ham amalga oshadi. Lekin hamma narsa imkoniyat doirasida bo‘ladi. Banklar 20 trillion kreditlarni qaytarish muddatini uzaytirilishi banklarda 20 trillion kredit berish imkoniyati cheklandi deganidir. Banklarni 30 trillion mablag‘i revolver kreditga ajratishi, bu ularning kredit portfelidagi investitsion loyihalarga beradigan kreditlarining hisobidan bo‘ladi”, deydi Mamarizo Nurmuratov. 

Raisning so‘zlariga ko‘ra, kelayotgan inqiroz tufayli 2-3 yilga mo‘ljallangan loyihalar mablag‘lari ishlab turgan loyihalarga yo‘naltiriladi. Ta’kidlanishicha, Markaziy bank bu yil inflyatsiya nuqtai-nazardan xatarlarni ko‘rmayapti. 

“Ko‘plar tushunishadiki, 30 trillionni Hukumat yoki Markaziy bank banklarga beryapti. Yo‘q. Biz bankning ichki jamg‘armalaridagi yo‘nalishlarni o‘zgartiryapmiz. 2-3 yildan keyin samara beruvchi invest loyihalarga mo‘ljallangan mablag‘larni hozir biz ongli ravishda revolver, ya’ni ishlab turgan tadbirkorlik sub’ektlarining uzluksizligini ta’minlashga yo‘naltiramiz. Bu bilan o‘z-o‘zidan taklifni o‘tgan yilgidan kamaytirmaslikka harakat qilamiz. Bunda ham biz inflyatsion ta’sirni ko‘rmayapmiz. 

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, kreditlarning o‘sishi o‘tgan yilgidek bo‘lmaydi. Bu YAIMning nominal o‘sishi doirasida kreditlarni o‘sishini ko‘ryapmiz. Biz bunda inflyatsiyani monetar nuqtai-nazaridan ham o‘sishini ko‘rmayapmiz, xatarlarini kamroq baholyapmiz. Inflyatsion targetlashda bu yil kutgan inflyatsiyamizdan bugungi kunga kelib bir foiz kam bo‘ladi deganimiz ham aslida shu. Bizning maqsad ham, hukumatning maqsadi ham inflyatsiyani jilovlashdir. Biz targetlashdagi yo‘nalishdan chiqishni mo‘ljal qilmayapmiz”, deydi Markaziy bank raisi.  

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bankning asosiy stavkasi 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilangan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

inqiroz Markaziy bank kredit inflyatsiya Mamarizo Nurmuratov

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing