Kosta-Rika Prezidenti portlashdan so‘ng evakuatsiya qilindi
Olam
−
20 iyun 3515 2 daqiqa
Kosta-Rika Prezidenti Laura Fernandes mamlakatning Krusitas-de-Kutris hududiga tashrifi chog‘ida portlashga o‘xshash kuchli ovoz eshitilganidan keyin xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Democrata” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 19 iyun kuni Krusitas-de-Kutrisda sodir bo‘lgan. Mazkur hudud noqonuniy oltin qazib olish faoliyati bilan tanilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli ovoz eshitilishi bilanoq chegara politsiyasi, jamoat xavfsizligi kuchlari, Maxsus aralashuv bo‘linmasi (UEI) hamda prezident xavfsizlik xizmati xodimlari favqulodda muhofaza protokolini ishga tushirgan.
Mahalliy OAVlar tarqatgan kadrlarda Prezident qurollangan qo‘riqchilar qurshovida tezkorlik bilan xizmat avtomobiliga o‘tqazilib, hududdan olib chiqib ketilgani aks etgan. Hodisadan so‘ng, Laura Fernandes vaziyatni kinofilmlardagi sahnalarga o‘xshatgan.
“O‘zimni xuddi filmdagidek his qildim. Qo‘riqchilar meni tezda yerga yotqizib, himoya qilishdi. Qanday ahvolga tushganimni so‘ramang, ammo xavfsizligim va deputatlar xavfsizligi uchun qayg‘urganlaridan minnatdorman”, degan u jurnalistlarga.
Prezidentning aytishicha, voqeadan keyin to‘rt nafar kishi qon bosimining pasayishi yoki issiq urishi alomatlari bilan tibbiy yordam olgan.
“Mening ahvolim yaxshi. Protokol talabiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tdim, ammo o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Iltimos, xavotir olmang”, degan Fernandes.
Hozircha hukumat voqeaning aniq sabablari haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Shu bilan birga, ehtimoliy gumondorlarni qidirish uchun hududga maxsus bo‘linmalar jalb qilingan.
Shu kuni San-Karlos shahrida prezidentga nisbatan o‘lim tahdidlarini bildirgan shaxs ham hibsga olingan. Huquq-tartibot idoralari gumondorni David Ordones deb aniqlagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Laura Fernandesga qarshi hujum qilishga chaqiruvchi xabarlar qoldirgan.
Ayni paytda uning Prezident evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgan gumonli portlash bilan bog‘liq yoki bog‘liqmasligi ma’lum emas.
Sud tergov agentligining ma’lum qilishicha, Kosta-Rika Milliy xavfsizlik va razvedka boshqarmasi (DIS) hamda Jamoat xavfsizligi vazirligi (MSP) prezident yoki hukumatga qarshi harakatlar sodir etilishi mumkinligi haqida oldindan ma’lumot olgan.
Agentlik bayonotiga ko‘ra, bu haqdagi ma’lumotlar bir kun avval kelib tushgan va tegishli tekshiruv ishlari amalga oshirilgan. Olingan barcha ma’lumotlar xavfsizlik idoralariga yetkazilgan. Bildirilishicha, hozircha voqea yuzasidan tergov davom etmoqda va ish ochiq qolmoqda.
Live
Barchasi