“Kosmosda bo‘lmaganlar xalqaro maydonda o‘z so‘zini ayta olmaydi”. Turkiy davlatlar endi koinotda hamkorlik qilmoqchi
Jamiyat
−
26 aprel 2023
5442O‘zbekiston poytaxti Toshkentda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Koinot agentliklari va tegishli idoralarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifalarida xabar berildi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) Bosh direktori Shuhrat Qodirov olib bordi.
Uchrashuvda TDT Bosh kotibi, elchi Kubanichbek Omuraliyev, Turkiya kosmik agentligi rahbari Serdar Husayn Yildirim, Ozarbayjon Milliy kosmik agentligi (“Azerkosmos”) boshqaruvi raisi Sameddin Asadov, Qozog‘iston Respublikasidan Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aviatsiya sanoati vaziri o‘rinbosari Malik O‘ljabekov, Qirg‘iziston Davlat aloqa agentligi rahbari o‘rinbosari Timur To‘qoldoshov, shuningdek, TDT kuzatuvchi davlatlari – Vengriya va Turkmanistonning tegishli institutlarining yuqori martabali vakillari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan TDT Bosh kotibi Omuraliyev koinotni o‘rganish insoniyat oldida turgan ko‘plab muammolarni hal etishda yordam berishini, koinot sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelajakda katta yutuq keltirishini ta’kidlagan.
Shuningdek, u TDT koinot sohasidagi hamkorlikka ahamiyat berishini va ushbu uchrashuv ishtirokchi davlatlarning koinotni tadqiq qilish sohasida qo‘shma hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlaridan dalolat ekanini aytgan.
“TDT'ga a’zo mamlakatlar kosmik tadqiqotlar bo‘yicha turli bilim va tajribaga ega. Ularni birlashtirish esa juda muhim”, degan Bosh kotib Omuraliyev.
O‘z navbatida, Turkiya vakili Serdar Husayn Yildirim kosmik texnologiyalar sohasidagi ishlarning ahamiyatiga qo‘shilgan.
“Kosmosda bo‘lmaganlar xalqaro maydonda o‘z so‘zini ayta olmaydi”, degan Serdar Husayn Yildirim.
Ma’lumot uchun, TDT kosmik agentliklari va tegishli idoralarning birinchi yig‘ilishi 2021 yil 20 dekabrda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan.