Kosmonavtlar maydonida nega o‘zboshimchalik bilan buz-buz boshlangani ma’lum bo‘ldi

Intervyu

Toshkentdagi Kosmonavtlar maydonida Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar qayta obodonlashtirish ishlari sabab buzib tashlanyapti. Bu haqda Yakkasaroy tuman hokimi Anvar Sayfuddinov QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qildi.

“Ijtimoiy tarmoqda tushunmovchiliklar bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Bu yerda hech qanday qurilish ishlarini amalga oshirish niyatimiz yo‘q.  Bu hududda ikkita monumentimiz bor. Oldin “Kosmonavtlar” deb atalar edi. Biz faqat bu monumentlarning atrofida obodonlashtirish ishlarini olib bormoqdamiz. Ob’ektning atrofiga yotqizilgan marmar (bruschatka) va betonlari abgor ahvolda edi. Biz bu yerni yangidan zamonaviy tarzda qilib, xalqimiz shu yerga kelganida aylanib, dam olib ketadigan maskanga aylantiryapmiz. Marmarlar oldingiday tiklanadi. Yangisi qo‘yiladi. Madaniy merosga ta’sir qilmagan holatda zamonaviy ko‘rinishdagi elementlar paydo bo‘ladi.  Hozir pudratchining yuristlari madaniy meros agentligi bilan xat, hujjat tayyorlashmoqda. To‘g‘ri, tushunmovchilik bo‘lib, nimadir vaqtida berilmagandir. Hozir ko‘rib turganingizdek, ta’mirlash ishlarini to‘xtatib qo‘ydik va hozir faqat hududni o‘raymiz. Ish hujjatlarining hammasi joy-joyiga qo‘yilib, rasmiylashtirilganidan keyin davom etadi”, deydi hokim.


Shu o‘rinda QALAMPIR.UZ muxbiri tuman hokimidan nima sababdan buzish jarayonidan oldin mutasaddilar tomonidan rasmiy bayonot berilmaganini so‘radi.


“Rasmiy munosabat bugun ertalab tuman hokimiyatining rasmiy saytlarida berildi.  Shaharnikida ham beriladi. Bu jarayon shanba va yakshanba kuniga to‘g‘ri kelib qolgani uchun vaqtida ma’lumotni yetkazib bera olmadik. Lekin bugun ertalab ma’lumot berildi”, deydi Sayfuddinov.

Madaniy meros agentligi matbuot kotibi Mohinur Imomovaning aytishicha, ob’ekt hududida ruxsatsiz buzish ishlarini boshlagan xususiy tadbirkor Madaniy meros agentligi tomonidan 14 fevral kuni ogohlantirilgan, ammo 15 fevral kuni ham noqonuniy buzish ishlari davom etgan.


“Madaniy meros agentligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. “Fazogirlar” yodgorligida  rekonstruksiya yoki obodonlashtirish ishlarini olib borish uchun Madaniy meros agentligidan ruxsat olinmagani aniqlandi. 14 fevral kuni Madaniy meros boshqarmasi tomonidan xususiy tadbirkorga ogohlantirish berilib, qurilish ishlari to‘xtatilgan edi. Ammo, shunga qaramay, bugun 15 fevral kuni ham tong sahardan qurilish ishlari boshlanganiga guvoh bo‘ldik. Madaniy meros agentligi va Vazirlar Mahkamasi madaniy meros inspeksiyasi vakillari bilan qurilish va obodonlashtirish ishlari to‘xtatildi”, deydi u.
 

Mohinur Imomova so‘zida davom etib, Madaniy meros agentligi ob’ektiga kiritilgan hududlarda obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlarini olib borish uchun Madaniy meros inspeksiyasining xulosasini olmay turib, buzish yoki qurish ishlarini amalga oshirish qat’iyan taqiqlanishini ta’kidladi.


“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi "Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan Vladimir Jonibekov haykali Madaniy meros agentligi ob’ektiga kiritilgan. Madaniy meros ob’ektlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga asosan, madaniy meros ob’ekti va uning muhofaza tegralarida qurilish ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish ishlarini olib borish Madaniy meros agentligi ilmiy ekspert kengashining tegishli xulosasini olmasdan turib, amalga oshirish qat’iyan taqiqlangan. Madaniy meros inspeksiyasi vakillari shu jarayonni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Endilikda xususiy tadbirkor tomonidan loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda va ilmiy ekspert kengashiga kiritilish jarayonida”, deydi u.

 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi Kosmonavtlar maydonida boshlangan ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot berdi. Ammo, hokimlik bu ta’mirlash ishlarining nima sababdan o‘zboshimchalik bilan boshlangani haqida lom-lim demadi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Jonibekov haykali Yakkasaroy tuman

Baholaganlar

78

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing