Korrupsiyani jilovlash – jamiyat ravnaqini kafolatlaydi!

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yangi islohotlar davrida davlat siyosati darajasidagi eng muhim masalalardan biri bu korrupsiyadan holi ochiq jamiyatni shakllantirish hisoblanadi. Korrupsiya, poraxo‘rlik yoki byurokratiya ildiz otgan davlatlarda jamiyat ravnaqi xavf ostida qoladi, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi eng muhim amalga oshirilgan islohotlardan biri bu – davlat va jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishni davlat siyosati darajasiga olib chiqilgani bo‘ldi. Xususan, 2017 yilning o‘zidayoq “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-419-sonli qonunning qabul qilinishi Yangi O‘zbekiston tarixida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qila boshladi. Natijada so‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. 
Xususan, Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksi (CPI)ning 2024 yil natijalariga ko‘ra O‘zbekiston mazkur indeksda so‘nggi 7 yil davomida o‘sish sur’atlarini qayd etayotgan (2017 yilda 22 baldan 2024 yilda 32 ballgacha) davlat sifatida e’tirof etildi. Mamlakatimizda bunday ijobiy natijalarga erishishida, avvalo, me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan turli korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillarining ishlab chiqilgani, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari samarali joriy etilgani muhim rol o‘ynadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha izchil choralar natijasida davlat organ va tashkilotlarning faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik ta’minlandi, davlat xizmatlarini elektron va onlayn ko‘rsatish orqali korrupsiyani ancha “jilovlash”ga erishildi. Natijada, mamlakatimizda biznes muhit yaxshilanib, tadbirkorlik qilishi imkoniyatlari kengaydi. Shu bilan birga O‘zbekistonning investitsion jozibadorligi ortdi. 

Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida korrupsiyaga qarshi olib borilgan tizimli ishlar natijasida birinchidan, biznes muhitni yaxshilash maqsadida 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorlarimizga kirib keldi. Chet el investitsiyasi ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 14 871 tani tashkil etdi. Shundan, 3 965 tasi qo‘shma korxonalar va 10 906 tasi xorijiy korxonalarni tashkil etdi. Ikkinchidan, davlat xizmatlariga raqamli texnologiyalarni joriy qilish evaziga elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi. Ulardan foydalanuvchilar soni 2017 yildagi 1,7 mln. nafardan 2024 yil yakunlari bo‘yicha 11 mln. nafarga yoki 6,4 barobarga oshdi. Uchinchidan, soliq sohasida olib borilayotgan o‘zgarishlar natijasida tadbirkorlar faoliyatidagi byurokratik to‘siqlar sezilarli ravishda kamaydi. 

O‘zbekistonda biznes muhitni yaxshilash, hududlarning investitsion jozibadorligini oshirish orqali so‘nggi yetti yilda iqtisodiyotimizga 120 mlrd. AQSH dollardan ortiq investitsiya jalb etildi. Natijada yalpi ichki mahsulotimiz 2 karra o‘sib, 2024 yil yakuni bo‘yicha 115 mlrd AQSH dollariga yetdi. Albatta bunday yutuqlarga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin.
 Xulosa sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, jamiyatning barcha qatlamlari birgalikda “tekin daromad ishqibozlari”ga nisbatan shafqatsiz kurash choralarini izchillik bilan davom ettirsak bu o‘z navbatida byudjet mablag‘larining tejalishiga olib keladi. Bu esa yurtimizda maktablar, shifoxonalar va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Nodirbek Rasulov, iqtisodiyot fanlari doktori.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Korruptsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing